Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ko‘krak bezi saratonini erta aniqlashga bag‘ishlangan Ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir xalqaro “Pushti oktabr” oyligi doirasida tashkil etilib, mamlakatdagi joriy epidemiologik vaziyat va sohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2025-yilda respublikada ko‘krak bezi saratonining 4843 ta yangi holati qayd etilgan bo‘lib, bu har 100 ming nafar ayolga 26 tadan to‘g‘ri kelishini anglatadi. Afsuski, shu davr mobaynida kasallik oqibatida 2085 kishi hayotdan ko‘z yumgan, ularning mutlaq qismi — 2069 nafari ayollardir.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kasallik holatlarining salmoqli qismi — 61,9 foizi profilaktik ko‘riklar vaqtida aniqlangan. Umumiy hisobda bemorlarning 70,8 foizida patologiya birinchi yoki ikkinchi bosqichda qayd etilgani erta tashxis muhimligini ko‘rsatadi. Hozirgi kunda mamlakatda ko‘krak bezi saratoni bilan ro‘yxatda turganlar soni 27 736 nafarni tashkil etadi. Shundan qariyb yarmi, aniqrog‘i 47,8 foizi besh yil va undan ortiq muddat davomida shifokorlar nazoratida bo‘lib kelmoqda. 2021-yildan 2025-yil iyunigacha davom etgan keng ko‘lamli skrining dasturi doirasida esa 2,6 milliondan ziyod ayol tekshiruvdan o‘tkazilib, ularning 6702 nafarida xavfli o‘sma aniqlangan.

Mamlakatda onkologik xizmatlarni takomillashtirish maqsadida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami bo‘g‘inida maxsus “onko-nazorat” xonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi kunda tizimga 16 ta statsionar va 16 ta ko‘chma mammografiya kabineti biriktirilgan bo‘lib, ular tasvirlarni yagona markazda baholash imkonini bermoqda. Shuningdek, davlat rahbariyatining tegishli qarorlariga asosan, 2024-yildan boshlab 45 yoshdan oshgan ayollar uchun bepul skrining joriy etilgan va 30–65 yoshdagi fuqarolarning elektron bazasi shakllantirilgan.

Davolash jarayonlari tahliliga ko‘ra, skrining orqali aniqlangan bemorlarning aksariyati jarrohlik yo‘li bilan davolangan. Jumladan, 3631 nafar ayolda ko‘krak bezini saqlab qoluvchi operatsiyalar bajarilgan bo‘lsa, 2584 nafar bemorda radikal mastektomiya amaliyoti amalga oshirilgan. Shifokorlar xavf omillari sifatida yosh o‘tishi bilan yuzaga keladigan genetik o‘zgarishlar, reproduktiv xususiyatlar, ortiqcha vazn va noto‘g‘ri turmush tarzini keltirib o‘tmoqda. Shu sababli, mutaxassislar ayollarga o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tish va profilaktika qoidalariga qat’iy rioya qilishni tavsiya etmoqda.

Source: www.gazeta.uz