Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Markaziy bankda tashkil etilgan navbatdagi davra suhbatida moliyaviy xizmatlar sohasidagi komissiyalar, xarajatlar hamda iste’molchilarning huquq va manfaatlari mavzusi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tadbirda tijorat banklari, to‘lov tizimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashib, naqd pulni bank kartasiga kiritish bilan bog‘liq qo‘shimcha to‘lovlar masalasini ko‘tarishdi.

Yig‘ilish davomida soha mutaxassislari va iqtisodchilar banklarning resurslarni jalb etish siyosatini tanqid ostiga olishdi. Jumladan, iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zi foydalanadigan xorijiy moliya muassasalarini misol qilib keltirib, xorijda bankka pul kiritish va undan mablag‘ yechib olish uchun hech qanday komissiya olinmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, banklar aslida o‘z mijozlarining mablag‘larini jamlashdan va xalqning ishonchini qozonishdan manfaatdor bo‘lishi lozim.

Shuningdek, uchrashuvda oddiy fuqarolarning ortiqcha xarajatlarga duch kelayotgani alohida qayd etildi. Xususan, oylik maoshini kartada oladigan fuqarolar mablag‘ni naqdlashtirish yoki uni boshqa karta raqamiga o‘tkazish jarayonida qo‘shimcha xarajatlarga duch kelayotgani jamoatchilik vakillari tomonidan e’tiroz bilan tilga olindi.

O‘z navbatida, Xalq banki vakili mavjud sharoitlar va xarajatlar yuzasidan izoh berib o‘tdi. Uning ma’lum qilishicha, bankka qarashli naqd pul qabul qiluvchi qurilmalar orqali o‘z mijozlarining kartalarini to‘ldirish mutlaqo bepul amalga oshiriladi, biroq boshqa bank mijozlari uchun 0,4 foizlik komissiya haqi belgilangan. Bank vakili bu to‘lovlar faqatgina joriy xarajatlarni qoplashga qaratilganini iddao qildi.

Source: kun.uz