Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta'lim sifatini ta'minlash milliy agentligi 2025-yil uchun Scopus xalqaro ma'lumotlar bazasi ko'rsatkichlariga tayanib, mamlakatdagi oliy ta'lim muassasalarining ilmiy faolligini baholash yakunlarini e'lon qildi. Mazkur tahliliy sharh natijalariga ko'ra, Central Asian University (CAU) o'z reyting indeksida 15,22 ball to'plab, eng yuqori — 5 balldan 5 ballik bahoga sazovor bo'ldi.

Baholash jarayonida Scopus bazasidagi jami nashrlar soni, ularning nufuzli ilmiy jurnallardagi ulushi, shuningdek, Q1 toifasidagi eng nufuzli nashrlardagi maqolalar ko'rsatkichi chuqur tahlil qilindi. Ta'kidlash joizki, CAU tibbiyot oliygohlari orasida Q1 darajasidagi jurnallarda chop etilgan 73 ta maqola bilan yaqqol peshqadamga aylandi va bu yo'nalishdagi umumiy ko'rsatkichning 32,7 foizini tashkil etdi.

Universitet nafaqat umumiy soni, balki ilmiy ishlar sifati bo'yicha ham yuqori natijalarni ko'rsatdi. Jumladan, CAU olimlarining 29 ta ishi eng ko'p iqtibos keltiriladigan tadqiqotlarning dastlabki 10 foiziga kirgan bo'lsa, 3 ta ish eng ko'p iqtibos keltiriladigan 1 foizlik elit guruhdan joy oldi va bu tibbiyot yo'nalishidagi eng yaxshi ko'rsatkich sifatida qayd etildi.

CAU Tibbiyot maktabi talabalarga zamonaviy xalqaro standartlar asosida saboq berib, ularni USMLE imtihoniga tayyorlaydi hamda amaliy ko'nikmalarni simulyatsiya markazlarida chuqurlashtiradi. 2019-yilda tashkil etilgan ushbu universitet bugungi kunda o'zining innovatsion ta'lim modeli, xalqaro hamkorlik aloqalari va QS Stars hamda Round University Ranking kabi nufuzli xalqaro reytinglardagi muvaffaqiyatlari bilan mintaqadagi yetakchi xususiy ta'lim maskanlaridan biriga aylanib bormoqda.

Source: uznews.uz