O‘zbekistonda daxlsizlik hamda immunitet huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan yurituv ishlarini amalga oshirishning o‘ziga xos tartibi belgilandi. Qonunchilikka ko‘ra, bunday maqomga ega shaxslar doirasi aniq belgilab qo‘yilgan bo‘lib, ularga nisbatan protsessual harakatlarni bajarish hamda javobgarlikka tortish masalalari qattiq tartibga solingan.
Qonun hujjatlariga muvofiq, daxlsizlik huquqidan foydalanuvchi shaxslar sirasiga Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari, Inson huquqlari bo‘yicha vakil, Bola huquqlari bo‘yicha vakil, sudyalar, prokurorlar, tergovchilar, advokatlar, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari hamda prezidentlikka nomzodlar kiradi. Shuningdek, Prezident Administratsiyasining boshqaruv xodimlari ishdan bo‘shatilganidan keyin besh yil davomida o‘z faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan harakatlari uchun daxlsizlik huquqiga egaligi belgilangan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston prezidenti, Prezident Administratsiyasi mansabdor shaxslari va ularning oila a’zolari immunitetga ega ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan. Xususan, parlament a’zolari o‘zlarining ovoz berish jarayonlari va fikr bildirishlari uchun to‘liq immunitet bilan ta’minlangan. Bunday shaxslarni ushlab turish hamda huquq-tartibot idoralariga olib borish qat’iyan taqiqlanib, faqatgina ayrim istisno holatlardagina qisqa muddatga ruxsat etiladi.
Jinoyat ishlarida daxlsizlik huquqini buzgan holda olingan har qanday dalillar yuridik kuchga ega emas deb topilib, materiallardan chiqarib tashlanishi shart. Qolaversa, bunday huquqlarni qasddan buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanib, uzoq muddatli ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazolari qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan. Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan esa mansabdor shaxslarning harakatlari natijasida yetkazilgan zararlar qoplanishi belgilab qo‘yilgan.
Source: uznews.uz