Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbekistonda toʻlov tizimlari tariflarining oshishi yakuniy isteʼmolchilar uchun qoʻshimcha xarajatlarga aylanib borayotgani jamoatchilik va mutaxassislar muhokamasining markazida turibdi. Mashhur iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, bu jarayon isteʼmolchilar choʻntagiga ogʻir yuk boʻlib tushmoqda va Markaziy bank mazkur masalada yanada faol pozitsiyani egallashi zarur.

Yaqinda Markaziy bankda bank va toʻlov xizmatlaridagi komissiyalarga bagʻishlangan maxsus davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda mamlakatdagi yetakchi tijorat banklari, toʻlov tashkilotlari, operatorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, Uzcard va Humo kabi asosiy toʻlov tizimlari tariflarining shakllanish mexanizmlarini muhokama qilishdi.

Muhokamalar davomida asosiy eʼtibor daromadlar taqsimotiga qaratildi. Iqtisodchi Otabek Bakirovning taʼkidlashicha, banklar va kichikroq toʻlov tashkilotlari oʻz xizmatlaridan deyarli daromad olmayotganini daʼvo qilayotgan bir paytda, trillionlab foyda koʻrayotgan yirik toʻlov tizimlari barcha manfaat va benefitsiarlikni oʻz qoʻlida jamlamoqda.

Shuningdek, mutaxassis operatsiyalar hajmi va umumiy bozor aylanmasi keskin kengayib borayotganini qayd etdi. Uning soʻzlariga koʻra, faqatgina infratuzilma xarajatlarini roʻkach qilish bilan cheklanib qolish notoʻgʻri, chunki bozor hajmining oʻsishi fonida tarif siyosatini qayta koʻrib chiqish mantiqiy boʻlur edi.

Bakirov Markaziy bankdan komissiyalarni qatʼiy maʼmuriy yoʻl bilan belgilab berishni talab qilmayotganini, balki regulyator raqobat muhitini kuchaytirish hamda bozor mexanizmlarini toʻgʻri ragʻbatlantirish orqali operatorlarga taʼsir koʻrsatishi shartligini urgʻuladi.

Munozaralar yakunida yuzaga kelgan muammolarni har tomonlama oʻrganish va amaliy takliflar ishlab chiqish uchun maxsus 90 kunlik ishchi guruhini tuzish tashabbusi ilgari surildi.

Source: kun.uz