Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 16–18-oktabr kunlari mamlakatimiz hududi bo‘yicha asosan quruq va qulay iliq ob-havo sharoiti saqlanib turishi kutilmoqda. Sinoptiklarning ta’kidlashicha, bu davrda respublika bo‘ylab havo harorati sezilarli o‘zgarishlarga uchramaydi va mavsumiy me’yorlar doirasida bo‘ladi.

Xususan, respublika bo‘ylab havo harorati kechalari +10…+15 daraja iliqni tashkil etsa, kunduz kunlari quyosh nurlari ostida termometr ustunlari +22…+27 darajagacha ko‘tariladi. Shu bilan birga, shimoliy hududlarda 17–18-oktabr kunlari biroz salqinroq havo kuzatilib, kechalari harorat +5…+10 darajagacha pasayishi, kunduz kunlari esa +18…+23 daraja atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Mutaxassislarning xabar berishicha, mamlakat hududida sharqdan 7–12 m/s tezlikda shamol esishi kutilmoqda. Tog‘li hududlarda esa 16-oktabr kuni yog‘ingarchilik kutilmasa-da, 17–18-oktabr sanalarida ayrim tog‘oldi va tog‘li tumanlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, baland tog‘li hududlarda esa yomg‘irning qorga aylanish ehtimoli mavjud.

Poytaxtimiz Toshkent shahrida ham ushbu kunlarda barqaror va quruq ob-havo kuzatiladi. Toshkentda shamol sharqdan 3–8 m/s tezlikda esib turadi. Havo harorati kechalari +12…+14 daraja atrofida bo‘lsa, kunduz kunlari 16-oktabrda +24…+26 darajani, 17–18-oktabrda esa +22…+24 darajani tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

Source: www.gazeta.uz