Toshkent shahrining turli tumanlarida istiqomat qiluvchi aholi issiq suvdan yoqimsiz va o'tkir hid kelayotganidan noroziligini bildirib, ijtimoiy tarmoqlarda va tegishli idoralarga ko'plab murojaatlar yo'llamoqda. Xususan, Mirabod, Yakkasaroy, Shayxontohur, Chilonzor va Yunusobod tumanlari fuqarolari suvda kerosin yoki kimyoviy moddalarni eslatuvchi g‘ayrioddiy hid paydo bo‘lganini ta'kidlashmoqda.
Mazkur holat yuzasidan “Issiqlikta’minoti” kompaniyasi rasmiy izoh berib, yuzaga kelgan vaziyatni kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik ko‘rish doirasida issiqlik tarmoqlarida olib borilayotgan qizg‘in ta’mirlash hamda sozlash ishlari bilan bog‘ladi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, quvurlarni bosim ostida sinovdan o‘tkazish, tarmoqlarni qayta ulash va uskunalar ishini sozlash jarayonida suv sirkulyatsiyasi vaqtincha sekinlashishi mumkin.
Kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bunday sharoitda quvurlar ichki yuzasidan tuz qatlamlari va korroziya zarrachalari ko‘tarilib, suvning hidi hamda tashqi ko‘rinishiga vaqtincha ta'sir ko‘rsatishi tabiiy holatdir. Shuningdek, fuqarolar sezayotgan kerosin yoki kimyoviy hid suvda zaharli moddalar yoki neft mahsulotlari mavjudligini anglatmasligi, bu faqat texnik jarayonlar oqibati ekanligi iddao qilinmoqda.
O‘z navbatida, “Veolia Energy Tashkent” tashkiloti ham mazkur shikoyatlar kelib tushganini tasdiqladi. Hozirgi vaqtda akreditatsiyalangan laboratoriya mutaxassislari turar-joy binolari hamda issiqlik manbalaridan suv namunalarini olib, maxsus tekshiruvlar o‘tkazmoqda. Olingan namunalar kimyoviy va bakteriologik ko‘rsatkichlar, shuningdek, begona hidlar mavjudligi bo‘yicha chuqur tahlil qilinishi kutilmoqda.
Source: podrobno.uz