Poytaxt shahrida yashovchi 72 yoshli fuqaro H.Yu. Buxorodagi masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbariga nisbatan tovlamachilik jinoyatini sodir etgani aniqlandi. Sud hujjatlaridan maʼlum boʻlishicha, pensioner oʻzini goʻyoki “Prezident administratsiyasi masʼul xodimi” deb tanishtirib, tadbirkorni qoʻrqitish va uning faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoʻli bilan pul undirmoqchi boʻlgan.
Tergov va sud jarayonlarida aniqlanishicha, ayblanuvchi tadbirkorga administratsiya tomonidan uning korxonasi boʻyicha tekshiruv tayinlanganini va ajratilgan kredit mablagʻlari maqsadsiz sarflangani haqida maʼlumotlar borligini iddao qilgan. U agar masala ijobiy hal etilmasa, tadbirkor barcha mol-mulklaridan mahrum boʻlishi mumkinligini aytib, ishni “yopdi-yopdi” qilish evaziga naq 500 ming dollar talab qilgan.
Tezkor xodimlar tomonidan oʻtkazilgan tadbir davomida H.Yu. talab qilingan summaning bir qismi sifatida bank kartasiga 10 million soʻm miqdoridagi mablagʻni oʻtkazdirib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan. Shunga qaramay, sud majlisida ayblanuvchi oʻz aybiga iqror boʻlmay, tadbirkordan yarim million dollar talab qilmaganini vaj qilib koʻrsatishga urindi.
Biroq toʻplangan dalillar va guvohlarning koʻrsatmalari asosida sud ayblanuvchining qilmishiga huquqiy baho berib, qonuniy qaror qabul qildi. Ushbu holat mamlakatda tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish va firibgarlik hamda tovlamachilik jinoyatlariga qarshi kurashish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar qatʼiy choralar koʻrayotganini yana bir bor koʻrsatdi.
Source: kun.uz