Yangi O‘zbekiston universiteti hovlisida avtomobil kompressori baland ovozda shovullab, skotch bilan o‘ralgan va qog‘oz stabilizatorlar o‘rnatilgan mineral suv shishasidan yasalgan raketani osmongacha uchirdi. Yuqori sinf o‘quvchilaridan iborat jamoa o‘z qo‘lbola qurilmasining parvozini olqishlar bilan kuzatdi. O‘tgan shanba kuni o‘tkazilgan ikkinchi Space Fest festivali yoshlarning aerokosmik muhandislikka bo‘lgan qiziqishini oshirishga qaratildi.
Tadbir Butunjahon kosmos haftaligiga bag‘ishlanib, uni Yangi O‘zbekiston universitetining MUBL talabalar klubi Space Alliance hamkorligida va “O‘zbekkosmos” agentligi ko‘magida tashkil etdi. Bu yilgi festival ko‘lami sezilarli darajada kengayib, 400 dan ortiq kishi ro‘yxatdan o‘tdi, faoliyat turlari esa sakkiztaga yetkazildi. Tashkilotchilar o‘tgan tajribadan kelib chiqib, nazariy ma’ruzalardan ko‘ra amaliy mashg‘ulotlar va texnik loyihalarga ko‘proq urg‘u berishdi.
Festival doirasida turli musobaqalar, jumladan, kosmik stansiya qismlarini yig‘ishga mo‘ljallangan "Build a Satellite" hamda Marsga yuk tashish missiyalarini rejalashtiruvchi "Mars Transportation Challenge" tanlovlari o‘tkazildi. Ishtirokchilar cheklangan shartli budjet va vaqt doirasida o‘z muhandislik yechimlarini taqdim etib, tajribali mutaxassislar oldida o‘z loyihalarini himoya qilishdi.
"O‘zbekkosmos" agentligi vakili Tohir Qosimovning ta’kidlashicha, asosiy maqsad yoshlarga koinot juda olisda emasligini, bugunning o‘zidayoq ko‘nikmalarni rivojlantirib, kelgusida o‘z texnologik jamoasining yetakchisi bo‘lish mumkinligini ko‘rsatishdir. Shuningdek, agentlik maktab o‘quvchilari va talabalarga xorijiy oliygohlarda o‘qish, stajirovkalar va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini taklif etmoqda.
Source: www.gazeta.uz