Toshkent shahrining Habib Abdullayev mahallasida bugungi kunda jami 97 nafar tadbirkor faoliyat yuritib kelmoqda. Ular orasida ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish, savdo hamda taʼlim yoʻnalishlarida mehnat qilayotgan fuqarolar bor boʻlib, ularning har biri hudud iqtisodiyotiga oʻz hissasini qoʻshishga harakat qilmoqda.
Mahalla bankiri tomonidan aholi bilan muntazam ravishda muloqotlar tashkil etilib, mavjud biznes loyihalarini yanada rivojlantirish uchun qanday moliyaviy va amaliy koʻmak zarurligi oʻrganilmoqda. Hozirgi vaqtga kelib, mahallada yashovchi bir qator fuqarolarga zarur asbob-uskunalar xarid qilish hamda yangi tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun moliyaviy mablagʻlar yoʻnaltirildi.
Mahallada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning ishlari turlicha boʻlib, kimdir oilaviy kasbni davom ettirayotgan boʻlsa, boshqalar oʻz hunarini kengaytirishga intilmoqda. Ularning aksariyatida duch kelinadigan umumiy muammo bu – faoliyatni yanada takomillashtirish uchun zarur boʻlgan mablagʻ va zamonaviy jihozlarning yetishmasligidir.
Mazkur masalalarni hal etish maqsadida Habib Abdullayev mahallasida “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, fuqarolarning ehtiyojlari oʻrganilib, ularning kichik biznes gʻoyalari amaliy loyihalarga aylantirilmoqda.
Xususan, mahalladagi qandolat va non mahsulotlari tayyorlanadigan sexda hozirda toʻqqiz turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Uch xil keks, pryanik, bulochka va boshqa shirinliklar tayyorlanadigan mazkur korxonada 17 nafar xodim mehnat qilmoqda, ularning besh nafari aynan shu mahallada istiqomat qiladi.
Sex rahbari Araik Gukasyanning soʻzlariga koʻra, bank tomonidan taqdim etilgan taxminan 100 million soʻm miqdoridagi moliyaviy koʻmak ishlab chiqarish quvvatlarini sezilarli darajada oshirishga yordam bergan. Ushbu mablagʻ hisobidan zarur zamonaviy asbob-uskunalar xarid qilingan.
Olingan yangi uskunalar natijasida ishlab chiqarish koʻlami 30–40 foizga ortgan. Ishlab chiqarish hajmining koʻpayishi oʻz navbatida mahsulotlarning savdo geografiyasiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatib, tayyorlangan shirinliklar mahalladagi oziq-ovqat doʻkonlariga yetkazib berilmoqda.
Mahalla bankirining taʼkidlashicha, mahalliy ishlab chiqaruvchining mahsulotini aynan shu hududda sotish logistika xarajatlarini kamaytiradi va mahsulot narxining qulay boʻlishini taʼminlaydi. Tadbirkor kelgusida faoliyatini bosqichma-bosqich kengaytirib, yangi filiallar ochishni va bank bilan hamkorlikni davom ettirishni rejalashtirmoqda.
Source: kun.uz