Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida mahalliy aholi yaxshi tanigan mashhur “Bek” ovqatlanish shoxobchasida sodir boʻlgan mudhish fojia yuzasidan sud jarayoni oʻz nihoyasiga yetdi va jami 6 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi. Ushbu fojeali hodisa beparvolik, xavfsizlik qoidalariga rioya etilmagani hamda mas'uliyatsizlik oqibatida olti nafar insonning hayotiga zomin boʻlgani bilan jamoatchilikda katta e'tiroz uyg'otdi.

Sud hujjatlarida keltirilgan ma'lumotlarga koʻra, mazkur oshxonada yillar davomida foydalanib kelingan suyultirilgan gaz ballonlarining belgilangan xizmat muddati allaqachon tugab ketgan boʻlgan. Tergov va ekspertiza xulosalari shuni koʻrsatdiki, choyxona rahbariyati turli yillarda, jumladan 2000, 2010, 2013 va 2018-yillarda ishlab chiqarilgan gaz ballonlaridan foydalangan boʻlib, ularning aksariyati yillar davomida biror marta ham texnik tekshiruvdan oʻtkazilmagan.

Garchi mas'uliyatli idoralar va jamiyat ichida mehnatni muhofaza qilish hamda texnika xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnomalar rasman mavjud boʻlsa-da, amalda rahbarlar va mutasaddilar ularning ijrosini nazorat qilishni butunlay unutishgan. Kompleks ekspertiza natijalari shuni aniqladiki, portlash vaqtida ishlatilgan va 2010-yilda ishlab chiqarilgan gaz balloni 2015-yildan buyon biror marta ham koʻrikdan oʻtmagan holda ekspluatatsiya qilingan.

Fojidadan bir kun oldin, ya'ni 2025-yil 1-dekabr kuni rahbariyat koʻrsatmasi bilan ushbu eskirgan gaz ballonlari “Damas” rusumli avtomashinaga ortilib, avtomobillarga gaz quyish shoxobchasiga olib borilgan va toʻldirib kelingan. Eng achinarlisi, mazkur gaz quyish shoxobchasi maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz sotish uchun zarur boʻlgan litsenziyaga ega boʻlmaganiga qaramay, xodimlar xizmat muddati oʻtgan xavfli ballonlarni toʻldirib berishgan.

Ertasi kuni, ya'ni 2-dekabr tongida xoʻjalik boʻlimi yordamchilari ushbu ballonlarni oshxona plitalari hamda qozonlariga ulab berishgan, oshpazlar esa ulardan foydalana boshlashgan. Natijada soat 10:50 larda qizib ketgan va nosoz ballonlardan gaz sizib chiqishi oqibatida kuchli portlash sodir boʻlib, muassasada ulkan vayronagarchilik va inson qurbonlari yuzaga keldi.

Source: kun.uz