Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O'zbekistonda ta'lim tizimini tubdan isloh qilish va psixologik xizmatlar ko'lamini kengaytirish doirasida mamlakatdagi barcha ta'lim muassasalarida o'quvchilar va tarbiyalanuvchilarni muntazam psixologik tekshiruvdan o'tkazish tizimi joriy etilmoqda. Yangi qoidalarga ko'ra, bog'cha tarbiyalanuvchilari, maktab o'quvchilari, talabalar va hatto pedagoglar ham kamida yilda bir marta psixologik diagnostikadan o'tishlari shart etib belgilanmoqda. Ushbu tashabbus mamlakat rahbarining tegishli qarori bilan tasdiqlangan bo'lib, uzluksiz ta'lim tizimidagi barcha bosqichlarni qamrab olishi ko'zda tutilgan.

Dasturni bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etish rejalashtirilgan bo'lib, unga ko'ra 2026/2027 o'quv yilidan boshlab maktabgacha ta'lim tashkilotlari va maktablarda ishga tushirilsa, keyingi bosqichda — 2027/2028 o'quv yilidan boshlab o'rta maxsus, professional va oliy ta'lim muassasalarida ham to'liq tatbiq etiladi. Diagnostika jarayonini tashkil etish va boshqarish Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan maxsus raqamli platforma yordamida amalga oshirilishi belgilangan.

Olingan natijalar sun'iy intellekt texnologiyalari yordamida chuqur tahlil qilinib, shundan kelib chiqqan holda ishtirokchilar uchta asosiy guruhga bo'linadi: "psixologik jihatdan barqaror", "psixologik yordamga muhtoj" va "faol psixologik yordamga muhtoj". Birinchi guruhdagilar uchun odatiy kuzatuv yetarli deb topilsa, qolgan toifalarga ta'lim muassasasining o'z psixologi yoki mintaqaviy psixolog-mentorlar biriktirilib, ularning faoliyati muvofiqlashtirib boriladi.

Shu bilan birga, mutaxassislarni moddiy rag'batlantirish va ularning kasbiy malakasini oshirish masalalariga ham alohida e'tibor qaratilgan. Xususan, kaskad usolidagi malaka oshirish kurslariga o'qituvchi sifatida jalb etilgan psixologlarga o'qish davrida asosiy ish haqining 20 foizi miqdorida qo'shimcha ustamalar to'lanadi. Shuningdek, eng yaxshi natija ko'rsatgan 150 nafar psixolog-mentor bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Source: podrobno.uz