21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan mamlakatimizda ona tilining bugungi nafasi, uning kelajagi va ta’lim tizimidagi o‘rni jiddiy muhokama qilinmoqda. Mutaxassislar tilni asrash faqat minbarlardagi balandparvoz nutqlar bilan cheklanib qolmasligi kerakligini, asosiy e’tibor yosh avlodning tilni o‘zlashtirish jarayoniga qaratilishi lozimligini ta’kidlashmoqda.
Bolalar kitoblari muallifi Saida Rashidova o‘zining tahliliy maqolasida tilni o‘rgatishda eski va qoliplarga asoslangan yondashuvlar o‘z samarasini bermayotganini qayd etadi. Uning fikricha, uch yoshdan o‘n yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun til qoidalar majmui emas, balki muloqot, o‘yin va quvonch vositasidir. Biroq bugungi kunda yaratilayotgan ta’limiy materiallar har doim ham xalqaro ISCED va CEFR mezonlarining bolalar yoshiga moslashtirilgan talablariga javob bermayapti.
Shuningdek, ko‘p tilli muhitda yashovchi bolalar uchun o‘zbek tilini o‘rgatishda metodik kamchiliklar mavjudligi, mavjud darsliklar va adabiyotlar esa ko‘pincha chuqur ilmiy-metodik auditdan o‘tkazilmagani tanqid qilinadi. Muallifning fikricha, sifatli bolalar adabiyotini yaratish uchun psixologlar, tilshunoslar, rassomlar va texnologlar o‘rtasida tizimli hamkorlik yetishmayapti.
Maqolada raqamli texnologiyalar va interaktiv resurslardan foydalanish zarurligi, biroq ular bolani ekranga bog‘lab qo‘ymasdan, real muloqotga olib chiqishi muhimligi urg‘ulangan. Inklyuzivlik tamoyillariga rioya etish ham ta’lim siyosatidagi hal etilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalardan biri sifatida ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzi va kelajagi ayniqsa bolalar uchun yaratilayotgan kitoblarning sifatiga bog‘liqligi aytiladi. Mutaxassislar fikricha, agar tilimiz bolalarga qoidalar majmui sifatida emas, balki mehr va ijodiy yondashuv asosida yetkazilsagina, uning ertangi kuni porloq bo‘lishi mumkin.
Source: www.gazeta.uz