Gazeta IT Park Uzbekistan bilan hamkorlikda O‘zbekistonning turli hududlaridagi startapchi ayollar bilan suhbatlar turkumini boshladi. Ilk suhbatdosh — andijonlik dasturchi, ayollar salomatligiga mo‘ljallangan Femmy ilovasi asoschisi Maftuna Karimova bo‘ldi. U o‘zining onalik tajribasidan kelib chiqib startap g‘oyasini qanday topgani, sarmoya izlashdagi og‘ir sinovlar va o‘zbek tilidagi tibbiy ma’lumotlarning yetishmasligi haqida gapirib berdi. 2002-yilda Asaka tumanida tug‘ilgan Maftuna maktab davridanoq dasturlashni mustaqil o‘rganib, talabalik yillaridayoq o‘z sohasida tajriba to‘plagan.
Femmy ilovasi ayollarga reproduktiv salomatlik, hayz sikli va homiladorlik davrlarini kuzatib borish imkonini beradi. Loyiha muallifining ta’kidlashicha, farzand rejalashtirish davrida u chet tillaridagi manbalardan foydalanishga majbur bo‘lgan va ko‘plab ayollar til bilmasligi sababli shunday muammolarga duch kelishini tushunib yetgan. Dastlab kichik jamoa bilan ish boshlagan dasturchi qiz, hatto chaqalog‘ini savatchaga solib jamoa yig‘ilishlariga olib borganini eslaydi. Hozirda ilova jamoasi olti kishidan iborat bo‘lib, kontent malakali ginekologlar bilan kelishilgan holda taqdim etiladi.
Biroq startapni moliyalashtirish va rivojlantirish yo‘li oson kechmagani ma’lum bo‘ldi. Investorlar tomonidan "bunday ilovalar allaqachon ko‘p" degan tanqidlarga uchragan muallif, oxir-oqibat President Tech Award tanlovida g‘olib chiqib, 100 ming dollarlik grantni qo‘lga kiritgan. Shunga qaramay, grant shartlarini bajarish va qattiq KPI ko‘rsatkichlariga erishish jamoa uchun jiddiy bosim keltirib chiqargan. Bugungi kunda 20 dan ortiq davlatda foydalaniladigan va 100 mingdan ziyod auditoriyaga ega ilova mahalliy madaniy muhitga moslashishga harakat qilmoqda.
Source: www.gazeta.uz