Jahon banki O‘zbekistonda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini isloh qilishga qaratilgan yirik dasturni tayyorlamoqda. Ushbu tashabbus doirasida Samarqand viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash uchun 100 million dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda Samarqandda bo‘lib o‘tgan Bolalar farovonligi bo‘yicha jahon sammiti doirasidagi sessiyada ma’lum qilindi.
Tashkilot vakillarining ta’kidlashicha, mablag‘lar uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha taqsimlanadi. Birinchidan, oilaviy poliklinikalarda sharoitlarni yaxshilash, ularning iqlim o‘zgarishiga chidamliligi va energiya samaradorligini oshirish rejalashtirilgan. Ma’lum qilinishicha, mamlakatdagi tibbiyot muassasalarining yarmidan ko‘pida funksional hojatxonalar mavjud emas, o‘ntadan kamrog‘i esa tibbiy chiqindilarni boshqarishning tegishli tizimiga ega.
Ikkinchi yo‘nalish tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va ularni amaliy ko‘nikmalarga o‘qitishga qaratilgan. Xususan, sertifikatlangan mutaxassislar uchun bazaviy maoshining 100 foizi miqdorida muntazam qo‘shimcha haq to‘lash tizimini joriy etish ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu toifdagi xodimlarning qariyb 80 foizini ayollar tashkil etishini hisobga olsak, bu o‘zgarishlar ularning bandlik sharoitlariga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Uchinchi yo‘nalish esa sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirishni nazarda tutadi. DMED axborot tizimini modernizatsiya qilish va uni Tibbiy sug‘urta jamg‘armasi bilan bog‘lash orqali aholini amaliy qamrab olish darajasidan kelib chiqqan holda mablag‘ ajratish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi. Hozircha mazkur dastur tasdiqlash bosqichida bo‘lib, uning yakuniy parametrlari va moliyalashtirish muddatlari keyinroq aniqlashtirilishi kutilmoqda.
Source: podrobno.uz