O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi mamlakatda xalqaro moliyaviy texnologiyalarni joriy etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi. Xususan, yaqin kunlarda O‘zbekistonda Apple Pay xizmatini ishga tushirish kutilmoqda va bu boradagi texnik jarayonlar Markaziy bank, tijorat banklari, shuningdek, HUMO hamda Uzcard to‘lov tizimlari tomonidan faol amalga oshirilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy va Hindiston bozorlaridan keladigan sayyohlar oqimini keskin oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Alipay+ va NPCI International tizimlari bilan integratsiya ishlari olib borilmoqda. Xususan, avgust oyida HUMO infratuzilmasida Alipay+ to‘lov shlyuzi ishga tushirilgan bo‘lib, bu xitoylik sayyohlarga UZQR orqali qulay tarzda to‘lovlarni amalga oshirish imkonini bermoqda.
Shuningdek, Myumbay shahrida bo‘lib o‘tgan Global Fintech Fest 2026 doirasida HUMO rahbariyati va Hindistonning NPCI International tashkiloti o‘rtasida transchegaraviy QR-to‘lovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy muzokaralar o‘tkazildi. Ushbu loyiha hindistonlik sayyohlarga o‘zlari uchun odatiy bo‘lgan ilovalar yordamida QR-kodlarni skanerlash orqali xizmatlar uchun haq to‘lash imkonini taqdim etishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda o‘tgan «C5+1» formatidagi tadbirda Google Cloud vakili Marsin Krasuski O‘zbekistonda Google Pay xizmati tez orada ishga tushishini e’lon qilgan edi.
Source: www.uznews.uz