Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Davlat rahbarining payshanba kuni bo'lib o'tgan yig'ilishida ta'kidlanishicha, joriy yil boshidan buyon viloyatga 2,5 million nafar sayyoh tashrif buyurgan, ulardan naq 500 ming nafari Gelon qishlog'iga kelgan. Shuningdek, mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, har yili 6 milliongacha turistik tashriflarni jalb etish uchun yetarli shart-sharoitlar mavjudligi qayd etildi.

Kelgusi yilda Tatariston bilan hamkorlikkorlikda Gelonda tog'-chang'i kurortining birinchi navbatini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, tabiiy sharoiti Gelon qishlog'iga o'xshash bo'lgan Chiroqchi tumanidagi Tarag'ay, Kitob tumanidagi Bashir va Yakkabog' tumanidagi Tatar qishloqlarini ham yirik etnoturizm markazlariga aylantirish imkoniyatlari mavjudligi alohida ta'kidlandi.

Shahrisabz tumanining Sayёд va Suvtushar qishloqlarida esa tog' daryolari bazasida rafting hamda sport turizmini rivojlantirish choralari ko'rilmoqda. Mas'ul rahbarlarga mazkur oltita qishloqni rivojlantirish bo'yicha bir oy muddatda maxsus bosh rejalar tayyorlash hamda 1-martdan boshlab umumiy qiymati 50 million dollarlik loyihalarni amalga oshirishga kirishish vazifasi yuklatildi.

Ma'lumot uchun, Gelon – O'zbekistonning Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi Hisor tog'larida joylashgan baland tog'li qishloq bo'lib, o'zining betakror manzaralari, an'anaviy me'morchiligi va mashhur sayyohlik yo'nalishlari bilan tanilgan. Shuning bilan birga, G'uzor tumanida har yili bahorda «Lola va kabob» hamda Ko'kdala tumanida «Chiyal yaxna» gastronomik festivallarini o'tkazish yo'lga qo'yilishi rejalashtirilgan.

Source: www.uznews.uz