Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

1943-yilda shayx Eshon Boboxon boshchiligidagi taniqli ulamolar Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlarini yagona diniy boshqarmaga birlashtirish tashabbusi bilan chiqqan edilar. Joriy kunlarda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi oʻzining tarixiy 83 yillik sanasini nishonlamoqda, bu esa mamlakat diniy-ma'rifiy hayotida muhim oʻrin tutadi.

Mazkur muassasa Ikkinchi jahon urushi davrining ogʻir sinovli yillarida, sovet hokimiyati dinga nisbatan siyosatini biroz yumshatishga majbur boʻlgan sharoitda tashkil etilgan. Oʻsha davrda toshkentlik ulamo Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon boshchiligidagi faollar SSSR rahbariyatiga murojaat yoʻllab, mintaqa musulmonlari uchun yagona idora ochishga rasmiy ruxsat olishga muvaffaq boʻlishgan.

Tarixiy manbalarga koʻra, ilk qurultoy 1943-yilning 15–20-oktabr kunlari Toshkent shahrining Qorasaroy koʻchasida joylashgan Eshon Boboxonning xonadonida oʻtkazilgan. Unda beshta ittifoqchi respublikadan kelgan 160 nafardan ortiq vakillar qatnashib, Eshon Boboxonni Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasining raisi va muftiysi etib bir ovozdan saylaganlar.

Faoliyati davomida ushbu tuzilma bir necha bor oʻz nomini oʻzgartirib kelgan. Xususan, sovet davrida u shunchaki diniy boshqarma deb yuritilgan boʻlsa, ittifoq parchalangach, 1992–1995-yillarda Movarounnahr musulmonlari idorasi deb nomlandi, 1996-yildan buyon esa rasman Oʻzbekiston musulmonlari idorasi maqomini saqlab kelmoqda.

Source: kun.uz