Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston kino sanoatida davlat mablag‘larini taqsimlash va filmlar yaratish tartibini tubdan isloh qilishga qaratilgan yangi mexanizm joriy etilishi kutilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-oktabr kuni soha vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda an’anaviy davlat buyurtmasi tizimidan voz kechilib, to‘ridan-to‘g‘ri subsidiyalar tizimiga o‘tilishini ma’lum qildi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bundan buyon davlat filmlar uchun yagona buyurtmachi sifatida emas, balki ijodkorlar va xususiy sektor uchun ishonchli hamkor sifatida ish olib boradi.

Mutasaddi idoralarga ushbu yangi moliyalashtirish mexanizmini bir oy muddat ichida amaliyotga tatbiq etish topshirildi. Yangi tartibga ko‘ra, mablag‘larni taqsimlashda ijodiy erkinlikni cheklovchi texnik topshiriqlarni birinchi o‘ringa qo‘yish amaliyotidan voz kechish taklif etilmoqda. Kelgusi yildan boshlab har yili ajratiladigan byudjet mablag‘lari qayta tashkil etilayotgan "O‘zbekfilm" milliy kinokompaniyasining arizalari asosida yo‘naltirilishi belgilangan.

Yig‘ilishda amaldagi davlat buyurtmasi tizimidagi ko‘plab kamchiliklar va cheklovlar qattiq tanqid qilindi. Xususan, ayrim rejissyorlar bir yo‘la oltitagacha, ssenariy mualliflari esa yettitagacha loyihalarni qo‘lga kiritib kelgani, buyurtmalarning qariyb yarmi davlat kinostudiyalariga to‘g‘ri kelgani xususiy kompaniyalarning teng sharoitlarda raqobat qilish imkoniyatini cheklab qo‘ygani ta’kidlandi. Natijada, filmlarning badiiy savohati va ssenariy sifati ikkinchi darajaga tushib qolgani aytildi.

Islohot doirasida "O‘zbekfilm" davlat muassasasining roli ham tubdan o‘zgaradi. U mustaqil ravishda film suratga olmaydigan milliy kinokompaniyaga aylantirilib, istiqbolli loyihalarni saralash, ularni moliyalashtirish, shuningdek, filmlarni tashqi bozorlarga olib chiqish va xalqaro festivallarda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Kinokadrlar va filmlarni ishlab chiqarish jarayoni esa to‘liq xususiy sektor qo‘liga o‘tishi ko‘zda tutilgan.

Source: podrobno.uz