Mamlakatimiz rahbari «Özbekfilm» kinostudiyasida kinoijodkorlar va soha vakillari bilan muhim uchrashuv o‘tkazdi. Tadbir avvalida davlat rahbari bu dargohda milliy kino tarixi, bir necha avlod ijodkorlarining mashaqqatli mehnati hamda xalqimizning orzu-intilishlari mujassam ekanini alohida taʼkidlab o‘tdi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida «Mahallada duv–duv gap», «O‘tgan kunlar», «Shum bola», «Chinor ostidagi duel» va «Suyunçi» kabi o‘lmas filmlarning qahramonlari xalqimiz xotirasida qadrli insonlardek saqlanib qolgani eʼtirof etildi. O‘z davrida qanchalik og‘ir siyosiy va mafkuraviy bosimlar bo‘lmasin, ijodkorlarimiz ana shunday yuksak milliy sanʼat asarlarini yaratishga muvaffaq bo‘lgani tahsinga sazovor ekani taʼkidlandi.
Shu bilan birga, Prezident bugungi kunda professional kinotanqidchilarning fikri bilan yetarli darajada hisoblashilmayotganini tanqidiy ruhda qayd etdi. Sohaga oid islohotlar doirasida so‘nggi o‘n yilda ikkita farmon va sakkizta qaror qabul qilingani, shuningdek, moliyalashtirish hajmi keskin oshgani bildirildi. Jumladan, 2016-yilda filmlar olish uchun davlat budjetidan 10 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘zida bu ko‘rsatkich 218 milliard so‘mga yetkazildi.
So‘nggi yillarda yaratilgan tarixiy va vatanparvarlik ruhidagi filmlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, «Islomxo‘ja», «Ibrat», «Avloniy», «Ilhaq» hamda «O‘zbek qizi» kabi kartinalar eʼtirof etildi. Shuningdek, «Oltin globus» xalqaro kino mukofoti tarixida ilk bor Markaziy Osiyo va Kavkaz kinoijodkorlarini taqdirlash marosimi Toshkentda o‘tkazilgani hamda taniqli aktrisa Gulchehra Jamilova «Meridian» mukofotiga sazovor bo‘lgani mamnuniyat bilan tilga olindi.
Source: kun.uz