Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O'zbekistonda, xususan, poytaxt Toshkent shahrida kuzatilayotgan havo ifloslanishi darajasi noqulay metereologik sharoitlar hamda tabiat omillari, jumladan, yog'ingarchilik taqchilligi, kuchli shamollar va tabiiy havo almashinuvi jarayonlarining buzilishi bilan bog'liq. Bu haqda Texnika fanlari bo'yicha falsafa doktori, Milliy iqlim o'zgarishi markazi direktori Farrux Sattorov ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, mazkur holat mintaqadagi ekologik vaziyatni jiddiy murakkablashtirmoqda.

Joriy yilning 26-oktabr holatiga ko'ra, poytaxtda oylik me'yor 23,7 millimitrni tashkil etishi kerak bo'lgan bir paytda, atigi 3,9 millimetr yog'ingarchilik kuzatilgan. Natijada ko'rsatkich belgilangan normadan deyarli 6 barobar past ekanligi aniqlandi. Namlikning keskin yetishmasligi chang zarrachalarining tabiiy ravishda yuvilish jarayonini sekinlashtirib, ularning atmosfera qatlamida to'planib qolishiga zamin yaratmoqda. Shuningdek, ilmiy kuzatuv ma'lumotlariga tayanilsa, so'nggi o'n yillik ichida sovuq yarim yillik davrda kuchli shamollar va yog'ingarchilik yetishmasligi bilan bog'liq noqulay metereologik sharoitlar 57 foizga oshgan.

Ekologiya va iqlim o'zgarishi milliy qo'mitasi mutaxassislari yer ustidagi kuzatuv stansiyalari ma'lumotlarini 1-26-oktabr oralig'idagi sun'iy yo'ldosh suratlari bilan qiyosiy tahlil qilishdi. Atmosfera tarkibini modellashtirishning xalqaro SILAM kompyuter tizimiga asoslangan ushbu tahlil chang massalarining kirib kelishi va AQI havo sifati indeksi o'sishi o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri bog'liqlik borligini tasdiqladi. Xususan, 4-5-oktabrdagi yog'ingarchilik paytida indeks 66-71 oralig'ini tashkil etgan bo'lsa, keyingi qurg'oqchof kunlarda ko'rsatkichlar sezilarli darajada yomonlashgan.

Yevropaning EUMETSAT platformasi hamda "Meteosat" meteorologik sun'iy yo'ldoshidan olingan kadrlarga ko'ra, 25-26-oktabr kunlari Toshkent shahri va Toshkent viloyati, shuningdek, Sirdaryo hamda Jizzax viloyatlarining ayrim hududlarida yirik chang massalarining to'plangani qayd etilgan. Ekspertlarning dastlabki prognozlariga ko'ra, ushbu chang fronti ta'siri va havo ifloslanishi bilan bog'liq noqulay sharoitlar kelasi haftaning boshigacha saqlanib qolishi mumkin.

Source: podrobno.uz