Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Mamlakatimizda ijtimoiy tarmoqlar shiddat bilan rivojlanib borayotganiga qaramay, aholining kinoteatrlarga borish istagi pasaymagani yaqqol ko'rinmoqda. Xususan, muxlislar xorijiy kinokartinalarni ko'rish uchun kinozallarni hamon to'ldirib kelmoqda. Bu haqda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev “Renessans” kino uyida soha vakillari bilan o'tkazilgan uchrashuvda alohida ta'kidlab o'tdi. Prezidentning fikricha, tomoshabin kinodan mutlaqo voz kechgani yo'q, faqatgina uning talablari hamda didi tubdan o'zgargan.

Shuningdek, yig'ilish davomida milliy kinematografiyamiz bugungi kun talablariga yetarli darajada javob bera olmayotgani jiddiy tanqid qilindi. Buyuk o'zbek rejissyorlari asos solgan chuqur psixologik hamda falsafiy kino maktabi asta-sekin susayib ketgani, buning o'rniga yuzaki syujetlarga asoslangan mahsulotlar ko'payib qolgani qayd etildi. Sohada sifatli ssenariylar tanqisligi sezilayotgani, operatorlik, ovoz rejissyorligi va montaj yo'nalishlarida avlodlar o'rtasidagi uzilish yuzaga kelgani ta'kidlandi.

O'rganish natijalariga tayanilsa, ayni paytda rejalashtirilgan 181 ta kinoloyihada mavzu va davrlarning takrorlanishi kuzatilmoqda, ayrim ijodiy guruhlarning esa tajribasi yetishmayapti. Shu bilan birga, ijodkorlarning shakllanishiga xizmat qilishi lozim bo'lgan professional kinotanqidchilik e'tibordan chetda qolgani, filmlarni yetkazib berish va namoyish etish bo'yicha mukammal distributsiya zanjiri hali-hanuz to'liq shakllanmagani ma'lum qilindi.

Davlat rahbari kinoning bugungi murakkab siyosiy va mafkuraviy ahamiyatiga ham alohida to'xtalib o'tdi. Uning so'zlariga ko'ra, kino shunchaki ko'ngilochar san'at turi bo'lmay, balki mamlakatning xalqaro miqyosdagi nufuzi hamda ta'sirini oshiradigan kuchli “yumshoq kuch”ga aylangan. Armiyani quvvatlantirish barobarida yosh avlodning ongi va dunyoqarashini himoya qilish masalasi dolzarb bo'lib turgani bildirildi.

Xulosa o'rnida, “O‘zbekfilm” davlat muassasasi tugatilib, milliy kinokompaniyaga aylantirilishi, kino sohasida davlat buyurtmasi tizimidan voz kechilib, subsidiyalash tartibi joriy etilishi e'lon qilindi. Shuningdek, Kinematografiya agentligi va unga qarashli tuzilmalar tugatilib, boshqaruv Madaniyat vazirligiga o'tkazilishi belgilandi.

Source: www.gazeta.uz