Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish va hududlardagi tibbiy muassasalar faoliyatini tartibga solish maqsadida keng ko‘lamli ishlar boshlangani ma’lum qilindi. O‘tkazilgan yig‘ilishda xabar qilinishicha, 2026–2036-yillarga mo‘ljallangan tibbiy infratuzilmani rivojlantirish master-rejalari ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur master-rejalar aholi sonining o‘sishi, tibbiy xizmatlarga bo‘lgan real ehtiyoj, shifoxonalarning amaldagi quvvati hamda bemorlarning tibbiy muassasalarga yetib borish vaqti kabi muhim omillarni hisobga olgan holda tuziladi. Shuningdek, mavjud obyektlarni xatlovdan o‘tkazish jarayonida jiddiy tafovutlar aniqlangani, jumladan, o‘nta viloyatning o‘zida Kadastr agentligi ma’lumotlaridan 494 taga ko‘p bo‘lgan 3 499 ta soha obyektlari topilgani ta’kidlandi.

Hududiy nomutanosibliklarni bartaraf etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Samarqand viloyati misolida aholining 80 foizi tumanlarda yashashiga qaramay, shifo o‘rinlarining atigi 41,7 foizi tumanlar ulushiga to‘g‘ri kelishi ma’lum bo‘ldi. Shu munosabat bilan, 2030-yilgacha viloyatning Urgut, Kattaqo‘rg‘on va Pastdarg‘om kabi tumanlarida jami 1,5 mingta yangi shifo o‘rnini yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, kelgusida quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan tibbiyot muassasalari uchun yagona talablar joriy etilishi belgilandi. Bu talablar qatoriga bemorlarning harakatlanishini qulaylashtirish, infeksion nazoratni kuchaytirish hamda inklyuziv muhitni yaratish kabi mezonlar kiritilgan bo‘lib, barcha investitsiya dasturlari aynan shu master-rejalar asosida shakllantirilishi aytilmoqda.

Source: kun.uz