Joriy yilning 8-oktabr kuni Toshkent shahrida HONOR X9e Pro rusumidagi yangi smartfonning rasmiy taqdimot marosimi bo'lib o'tdi. Piramit Tower majmuasining 48-qavatida tashkil etilgan ushbu tadbir o'ziga xos interaktiv formatda o'tgani bilan ajralib turdi, chunki tashkilotchilar odatiy taqdimotlardan voz kechib, mehmonlarga qurilmaning imkoniyatlarini amalda sinab ko'rish imkoniyatini taqdim etishdi.
Taqdimot doirasida qurilmaning ekstremal sharoitlarda ishlash qobiliyati keng jamoatchilikka ko'rsatildi. Xususan, kirish qismida mehmonlarni suvga botirilgan holda ishlab turgan smartfonlar joylashgan akvarium kutib olgan bo'lsa, boshqa zonalarda korpusning mexanik zarbalarga chidamliligi sinovdan o'tkazildi. Mehmonlar va ekspertlar smartfonlarni balandlikdan tashlab, ularni peyntbol qurolidan o'qqa tutishdi, shuningdek, harorat o'zgarishlari va hatto qurilma yordamida sabzavotlar to'g'rab, so'ngra uni sho'rva solingan qozonga tushirish kabi noodatiy tajribalarni amalga oshirishdi.
Tadbirning asosiy eʼtibor markazida qurilmaning texnik ko'rsatkichlari, xususan, uning ulkan quvvat zaxirasi turdi. Yangi HONOR X9e Pro to'rtinchi avlod kremniy-uglerod texnologiyasi asosida yaratilgan va hajmi 11 000 mA·soatni tashkil etuvchi akkumulyator bilan jihozlangan. Ishlab chiqaruvchilarning taʼkidlashicha, bunday batareya smartfonga qo'shimcha quvvat olmasdan uch kundan ortiq faol ishlash imkonini beradi.
Ushbu yirik quvvat zaxirasi ayniqsa ko'p vaqtini safarlarda yoki uydan tashqarida o'tkazadigan, navigatsiya, foto va video imkoniyatlaridan faol foydalanadigan foydalanuvchilar uchun mo'ljallangan. Shuningdek, qurilma 80 Vt quvvatga ega HONOR SuperCharge tezkor quvvatlash texnologiyasini hamda boshqa gadjetlarni quvvatlay oladigan 27 Vt quvvatli simli teskari quvvatlash funksiyasini qo'llab-quvvatlaydi.
Source: kun.uz