Özbekistonda joriy yilning noyabr oyi ob-havo sharoitlari nisbatan qulay boshlanishi kutilmoqda. Xususan, oyning ilk o‘n kunligi davomida respublika hududida havo harorati me’yordagidan biroz iliq bo‘lib, kunduz kunlari termometr ustuni 17–22 darajagacha ko‘tarilishi taxmin qilinmoqda. Sinoptiklarning ma’lumotlariga ko‘ra, bu davrda kechasi ham havo nisbatan yumshoq bo‘lib, 5–10 daraja iliqqa tushishi kutiladi.
Biroq, oyning keyingi qismlarida ob-havo sharoitida keskin o‘zgarishlar yuzaga kelishi va harorat fonining pasayishi kutilmoqda. Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda kechasi havo harorati 2 daraja sovuqdan 3 daraja iliqqa qadar sovib, kunduz кунлари esa 5–10 daraja iliq atrofida bo‘lishi bashorat qilinmoqda. Shuningdek, ayrim kunlarda yog‘ingarchiliklar kuzatilishi, harorat keskin pasaygan davrlarda esa yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanish ehtimoli ham istisno etilmayapti.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, umumiy hisobda noyabr oyidagi o‘rtacha harorat iqlimiy me’yorlar atrofida, ayrim hududlarda esa undan 1–1,5 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, ko‘p yillik kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, kuz oylarining oxirlarida shimol va cho‘l hududlaridan sovuq havo oqimlarining kirib kelishi kuchayib, iliq kunlar keskin sovib ketish holatlari bilan almashib turishi odatiy hol hisoblanadi.
Source: kun.uz