Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida o‘z ishini boshlagan Markaziy Osiyo xalqaro taʼlim forumi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrik maktubida taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Davlat rahbari yoshlarda mustaqil fikrlash, ijod qilish, masʼuliyatni his etish va umr davomida o‘rganish ko‘nikmalarini shakllantirish hozirgi zamonning eng dolzarb vazifasi ekanini qayd etdi.

Murojaatda keltirilishicha, mintaqaning kelgusi taraqqiyoti va uning iqtisodiy barqarorligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri taʼlim sohasidagi islohotlar hamda o‘zaro hamkorlik samaradorligiga bog‘liqdir. Prezident qariyb 85 million aholi istiqomat qiladigan Markaziy Osiyoning ulkan demografik salohiyatini haqiqiy intellektual kuchga aylantirish uchun sifatli va zamonaviy taʼlim muhimligini urg‘uladi.

Shuningdek, kelgusi o‘n yillikda mehnat bozorida tub o‘zgarishlar sodir bo‘lishi, ko‘plab kasblarga bo‘lgan talab yo‘qolib, mutlaqo yangi ixtisosliklar paydo bo‘lishi kutilayotgani aytildi. Shu munosabat bilan taʼlim muassasalari faqatgina tayyor bilim berish bilan cheklanib qolmasdan, yoshlarni zamonaviy realliklarga moslashtirishi, o‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish va ishlab chiqarish bilan integratsiyani kuchaytirish zarurligi maʼlum qilindi.

So‘nggi islohotlar doirasida maktabgacha, maktab, kasbiy va oliy taʼlim hamda ilm-fan boshqaruvi yagona tizimga birlashtirilgani, bu esa uzluksiz taʼlim zanjirini taʼminlashga xizmat qilishi taʼkidlandi. Qizlar, qishloq hududlaridagi yoshlar va alohida ehtiyojga ega bolalar uchun teng imkoniyatlar yaratish, shuningdek, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarni jadal rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Source: kun.uz