Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qashqadaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmatining maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning 14-oktabr kuni Qarshi shahrining 21 yoshli fuqarosi L.M. bosh miya oʻsmasi tashxisi bilan viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazining neyroxirurgiya boʻlimiga yotqizilgan edi. Bemorga «gipofiz adenomasi» tashxisi qoʻyilgan boʻlib, u uzoq yillar davomida nafas olishning qiyinlashishi, boʻy oʻsishidan ortda qolish hamda qoʻl va oyoq barmoqlarining yoʻgʻonlashishi kabi ogʻir alomatlardan aziyat chekib kelgani aniqlangan.

Oʻtkazilgan chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida bemorda yirik hajmdagi gipofiz oʻsmasi borligi tasdiqlangan, shuningdek, gormonlar tahlili oʻsish gormoni meʼyordan bir necha barobar yuqori ekanini koʻrsatgan. Shundan soʻng, 16-oktabr kuni poytaxtdan tashrif buyurgan malakali mutaxassis ishtirokida bemorning burni boʻshligʻi orqali endoskopik usulda oʻsmani olib tashlash boʻyicha murakkab jarrohlik amaliyot bajarilgan.

Rasmiy xabarlarga koʻra, operatsiyadan keyingi dastlabki kunlarda bemor shifokorlar nazoratida boʻlib, 19-oktabr kuni oʻtkazilgan tekshiruvlarda unda hech qanday asoratlar kuzatilmagan. Biroq 20-oktabrga kelib uning ahvoli keskin yomonlashgani, qon bosimi oshib, ongida, nafas olishida hamda yurak faoliyatida jiddiy buzilishlar yuzaga kelgani maʼlum qilingan.

Shifokorlarning barcha urinishlari va oʻtkazilgan intensiv muolajalarga qaramasdan, bemor 26-oktabr kuni shifoxonada vafot etgan. Mazkur fojiali holat yuzasidan hozirgi vaqtda prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Source: uznews.uz