Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida amaliy tashrif bilan Turkiya Respublikasining poytaxti Anqara shahriga bordi. Tashrif doirasida davlat rahbari Turkiyada istiqomat qilayotgan, tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz bilan samimiy muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuv chog‘ida mamlakatimiz rahbari yurtdoshlarimizning kundalik hayoti, o‘qishi va kelajakdagi rejalari bilan yaqindan qiziqdi. Prezident o‘z nutqida vatandoshlarga murojaat qilib, har bir daqiqani qadrlash, vaqtni behuda o‘tkazmasdan doimo ilm va bilimlarni egallashga intilish muhimligini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, muloqot davomida yoshlarga qaratilayotgan e’tibor mamlakatimizning uzoq istiqboli bilan chambarchas bog‘liqligi qayd etildi. Davlat rahbari buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosi va qadriyatlarini tiklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Suhbat yakunida prezident vatandoshlarning xorijda yaxshi yashashi, Vataniga qaytib, uning ravnaqiga munosib hissa qo‘shishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayotganini bildirdi. Xususan, ilm olish va uy-joyli bo‘lish uchun imkoniyatlar kengaytirilayotgani ta’kidlanib, barchaga muvaffaqiyatlar tilandi.

Source: kun.uz