Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov joriy yilning 29-oktabr kuni poytaxtda jamoat transporti harakatini yaxshilashga qaratilgan muhim qarorni imzoladi. Mazkur hujjat shahar ko‘chalarida tezkor avtobus qatnovi (BRT tizimi) uchun mo‘ljallangan maxsus ajratilgan yo‘laklarni tashkil etish va zarur ta'mirlash ishlarini olib borishni nazarda tutadi.
Tasdiqlangan rejaga ko‘ra, umumiy uzunligi 17,9 kilometrni tashkil etuvchi to‘rtta asosiy yo‘nalishda keng ko‘lamli qayta qurish ishlari amalga oshiriladi. Xususan, Yakkasaroy va Chilonzor tumanlarini bog‘lovchi Muqimiy ko‘chasining 4,6 kilometrlik qismi, Shayxontohur tumanidagi Qoratosh va Ko‘kcha Darvoza ko‘chalarining 4,2 kilometrlik qismi shular jumlasidandir.
Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Parkent ko‘chasining 2,8 kilometrlik qismi hamda ushbu tumandagi Mirzo Ulug‘bek prospektining 6,3 kilometrlik qismida ham maxsus yo‘laklar paydo bo‘ladi. Loyihaning bosh buyurtpachisi etib “Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati belgilangan bo‘lib, u loyiha hamda pudrat tashkilotlarini qonunchilikda belgilangan tartibda tanlab olishi shart.
Ishlarni moliyalashtirish tijorat banklari kreditlari, Toshkent hokimligi qoshidagi Yo‘l va transport infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Loyiha hujjatlarini tayyorlash va buyurtpachining xarajatlarini qoplash uchun poytaxt rivojlantirish jamg‘armasidan dastlabki tarzda 6,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Ta'mirlash jarayoni boshlanishidan oldin barcha kommunal tashkilotlar muhandislik tarmoqlarini qurish, ta'mirlash va ko‘chirish ishlarini yakunlashi shartligi belgilab qo‘yildi. Mutasaddilarning ta'kidlashicha, mazkur chora-tadbirlar poytaxt ko‘chalarida jamoat transportining ustuvorligini ta'minlash va yo‘lovchilar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan, biroq ishlar davomida harakatlanishda vaqtinchalik cheklovlar yuzaga kelishi mumkin.
Source: www.uznews.uz