Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Poytaxtimizdagi shaharsozlik va barqaror harakatlanish masalalari jamoatchilik e'tiborida qolmoqda. Ma'lumki, ko‘chalarni ko‘kalamzorlashtirish, yangi trotuarlar hamda velosiped yo‘laklarini barpo etishning o‘zigina ularni aholi uchun to‘laqonli qulay qilib qo‘ymaydi. Urbanist, arxitektor va shaharsozlik bo‘yicha ekspert Iskandar Soliyev “Tashkent Design Week 2026” doirasida tashkil etilgan tadbirda nima sababdan shahar infratuzilmasi har doim ham kutilgan natijani bermayotganini batafsil tushuntirib berdi.

Ekspertning ta'kidlashicha, har qanday ko‘cha dizayn loyihasini ishlab chiqishda dastlab uchta asosiy savolga aniqlik kiritish talab etiladi: loyiha aynan kimlar uchun mo‘ljallangan, ko‘cha qanday funksional vazifalarni bajarishi lozim va u qanchalik qulay bo‘ladi? Faqatgina mazkur savollarga asosli javoblar topilgandagina uning tashqi ko‘rinishi hamda estetik jihatlari haqida fikr yuritish mumkin. Shuningdek, shahar muhitini professional tahlil qilish ko‘pincha ba'zi idoralar tomonidan tanqid sifatida qabul qilinishi, biroq mutaxassislarning asosiy vazifasi mavjud kamchiliklarni ochiq ko‘rsatib, ularni bartaraf etishga ko‘maklashishdan iborat ekanligi alohida qayd etildi.

Shota Rustaveli ko‘chasi misolida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, tramvay qatnovi to‘xtatilganidan so‘ng mazkur hudud keng, ammo piyodalar uchun ma'lum ma'noda xavfli bo‘lgan magistralga aylanib qolgan edi. Keyinchalik tashkil etilgan maxsus loyiha doirasida ekologik holat, shovqin darajasi va tirbandliklar o‘rganilib, jamoat transporti uchun maxsus yashil yo‘lak – BRT tizimini joriy etish rejalashtirilgan edi. Biroq amaliyot jarayonida hujjatlarga kiritilgan ayrim o‘zgarishlar, jumladan, burilish yo‘laklarining noqulay joylashuvi va yer usti o‘tish yo‘laklarining talab darajasida tashkil etilmagani qo‘shimcha tirbandliklarni keltirib chiqardi.

Shunga qaramay, amalga oshirilgan pilot loyihalar ma'lum ijobiy natijalarni ham berdi. Xususan, ko‘rib chiqilgan uchastkada avtobus yo‘lovchilari soni sezilarli darajada oshib, harakat tezligi yaxshilandi, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining tushumlari ham o‘sgani kuzatildi. Shu bilan birga, “O‘zbekiston ovozi” va Taras Shevchenko ko‘chalarini yangilash jarayonida yo‘l qo‘yilgan ayrim xatolar, xususan, velosiped yo‘laklarining trotuarlarda joylashishi piyodalar va velosipedchilar o‘rtasida tushunmovchiliklar hamda ijtimoiy keskinlikni keltirib chiqarayotgani tanqid qilindi.

Mutaxassisning yakuniy xulosasiga ko‘ra, pilot loyihalarning muvaffaqiyatli chiqqan jihatlaridan to‘g‘ri saboq chiqarish va kelgusidagi shaharsozlik ishlarida xatolarni takrorlamaslik muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir yangi loyiha avvalgisidan sifatliroq chiqishi hamda barcha harakat qatnashchilari uchun birdek qulay va xavfsiz muhitni ta'minlashi shart.

Source: www.gazeta.uz