Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishiga ko‘ra, mamlakat landshaftlarining iqlimiy barqarorligini oshirish maqsadida 103,7 million yevro miqdorida mablag‘ yo‘naltirilishi kutilmoqda.

Mazkur moliyaviy ko‘mak umumiy qiymati 264,4 million yevroni tashkil etuvchi “Markaziy Osiyoda iqlimga chidamli landshaftlar” (CLiCA) mintaqaviy dasturi doirasida Yashil iqlim fondi Kengashi tomonidan ma'qullangani aytilmoqda. Ushbu dastur Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan hamkorlikda tayyorlangan bo‘lib, respublikamizda bu jarayon Iqlim o‘zgarishi milliy markazi tomonidan muvofiqlashtirilgan.

Ajratiladigan mablag‘lar o‘rmonlar va yaylovlarni tiklash, qishloq xo‘jaligida iqlimga moslashgan texnologiyalarni joriy etish hamda fermerlarning iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashishi uchun zarur bo‘lgan moliyaviy vositalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga sarflanishi e'lon qilindi.

Dasturni amalga oshirish natijasida 342 ming nafar aholining, jumladan, ularning yarmiga yaqin xotin-qizlarning iqlim xatarlariga nisbatan chidamliligini oshirish, shuningdek, 164 ming gektar maydonda iqlimga barqaror boshqaruv usullarini tatbiq etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 1,07 million tonna CO₂ ekvivalentida issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirish va ularning yutilishini ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Source: www.uznews.uz