“Uzbekistan Airports” kompaniyasi va Turkiyaning yetakchi loukosteri “Pegasus Airlines” o‘rtasida Istanbuldan O‘zbekistonning uchta hududi — Buxoro, Andijon va Termiz shaharlariga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rasmiy kelishuvga erishildi. Shu bilan birga, tomonlar hozirda Qarshi va Nukus xalqaro aeroportlariga ham aviaqatnovlarni tashkil etish yuzasidan faol muzokaralar olib bormoqda.
Ta’kidlanishicha, Andijon shahri uchun ushbu qatnov Istanbul bilan bog‘lovchi tarixdagi ilk muntazam xalqaro aviaaloqa bo‘ladi. Agar Qarshi va Nukus bo‘yicha olib borilayotgan muloqotlar ham muvaffaqiyatli yakunlansa, mazkur yo‘nalishlar ham o‘z tarixida ilk bor Istanbulga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarga ega bo‘ladi. Kelishilgan barcha reyslar Istanbulning Sabiha Go‘kchen xalqaro aeroportidan zamonaviy Airbus A320 va A321 samolyotlarida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Yangi marshrutlar jadvali ham tasdiqlangan: Buxoroga ilk parvoz 2026-yilning 14-dekabriga rejalashtirilgan bo‘lib, haftasiga uch marotaba (dushanba, chorshanba va shanba kunlari Istanbuldan, seshanba, payshanba va yakshanba kunlari Buxorodan) bajariladi. Andijonga reyslar 2026-yil 18-dekabrdan boshlanib, haftasiga ikki marta amalga oshiriladi. Termiz yo‘nalishidagi qatnovlar esa 2027-yil 1-martdan boshlab haftasiga uch marta yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
“Uzbekistan Airports” mutasaddilarining qayd etishicha, mintaqaviy aeroportlarning ochilishi O‘zbekiston viloyatlari va Turkiya o‘rtasidagi sayyohlik hamda ishbilarmonlik aloqalarini sezilarli darajada kengaytiradi. Bundan tashqari, mahalliy yo‘lovchilar Sabiha Go‘kchen aeroporti orqali Yaqin Sharq va boshqa xalqaro yo‘nalishlar bo‘ylab qulay tranzit imkoniyatlaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
Source: www.uznews.uz