O‘zbekiston hududidagi ko‘plab gaz konlari o‘nlab yillar davomida ekspluatatsiya qilinib kelinmoqda, bu esa vaqt o‘tishi bilan qatlam bosimining pasayishiga olib keladi. Mutaxassislarning fikricha, bunday sharoitda uglevodorodlarni qazib olish tobora murakkablashib bormoqda, biroq ilg‘or texnologiyalarni joriy etish ushbu konlarning ishlash muddatini uzaytirish va samaradorligini oshirish imkonini beradi. Shunday tashabbuslardan biri „O‘zbekneftgaz“ AJga qarashli Gazli G‘BChQ tasarrufidagi sakkizta konni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ularni boshqarish uchun 2024-yil mart oyida xalqaro tajribaga ega Condor kompaniyasi jalb qilingan edi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha boshlangunga qadar ushbu konlarda tabiiy gaz qazib olish hajmi yillik hisobda 10–20 foizga kamayib borgan. Condor bosh direktori Trent Merye hukumat va „O‘zbekneftgaz“ bilan hamkorlikda yangi yondashuvlar tatbiq etilganini ta’kidlab, dastlabki bir yarim yil mobaynida quduqlarning holati chuqur o‘rganilganini va pasayish jarayoni to‘xtatilganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng yangi quduqlarni burg‘ilash ishlari boshlanib, 2026-yil boshidan buyon sutkalik gaz qazib olish hajmi qariyb 60 foizga oshgani va 1,8 million kub metrdan 3 million kub metrgacha ko‘paygani qayd etildi.
Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida qo‘llanilayotgan texnologiyalar qatorida plunjerli lift tizimlari va g‘ovak qatlamlar bo‘ylab burg‘ilash usullari alohida o‘rin tutadi. Xususan, Kumli konidagi sinovlarda plunjerli liftlar yordamida quduqlardagi ortiqcha suyuqlik chiqarib tashlanib, gaz oqimi erkinlashtirildi. Ushbu avtonom qurilmalar quyosh panellari yordamida quvvatlanib, texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qisqartiradi hamda metan chiqindilarining atmosferaga tarqalishining oldini oladi. Shuningdek, qo‘llanilgan gorizontal burg‘ilash texnologiyasi oddiy vertikal quduqlarga nisbatan ancha yuqori debit ko‘rsatkichlarini ta’minlamoqda.
Ishlab chiqarish jarayonlari bilan bir qatorda, xodimlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va ijtimoiy mas’uliyat masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Gazli konlaridagi vaxta shaharchasida yashash va dam olish uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, xodimlar har kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tishadi. Shuningdek, Condor kompaniyasi Buxorodagi 27-sonli maxsus maktab-internatni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarga yordam ko‘rsatish jamg‘armalari hamda sport tashabbuslarida homiylik qilgani ta’kidlandi.
Source: www.uznews.uz