Samarqand shahrida bo'lib o'tayotgan Global Talent Forum xalqaro anjumani doirasida mamlakatimiz ta'lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan muhim kelishuvga erishildi. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi “El-yurt umidi” jamg'armasi hamda Britaniya Kengashi (British Council) o'rtasida “Going Global Partnerships — Scholarships for Women in STEM” dasturini amalga oshirish yuzasidan rasmiy hujjat imzolandi.
Imzolangan kelishuv shartlariga ko'ra, 2027–2028 o'quv yilida besh nafar o'zbekistonlik iqtidorli qiz Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy o'quv yurtlarida fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) yo'nalishlari bo'yicha tahsil olish imkoniyatiga ega bo'lishadi. Mazkur tashabbus yuqori texnologiyalar sohasida xotin-qizlarning ishtirokini kengaytirishni maqsad qilgan.
Dastur ikki tomonlama moliyalashtirish tamoyili asosida ishlaydi. Unga ko'ra, ta'lim jarayoni bilan bog'liq xarajatlarning 40 foizi “El-yurt umidi” jamg'armasi mablag'lari hisobidan qoplab berilsa, qolgan 60 foizlik qismi Britaniya Kengashi zimmasiga yuklatilgan.
Mas'ul idoralarning ma'lum qilishicha, mazkur grant dasturiga nomzidlarni tanlab olish tartibi, qo'yiladigan talablar va ariza topshirish muddatlari haqida keyinchalik qo'shimcha ravishda rasmiy ma'lumot e'lon qilinadi. Eslatib o'tamiz, avvalroq “El-yurt umidi” jamg'armasi ko'magida yoshlarni Janubiy Koreya universitetlarida yangi kasb-hunarlarga o'qitish rejalashtirilgani ham ma'lum qilingan edi.
Source: www.gazeta.uz