Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahar Xalq deputatlari Kengashi 2026-yilning uchinchi choragi yakunlari bo'yicha poytaxtda jamoat transporti faoliyatini yaxshilashga qaratilgan muhim qarorni tasdiqladi. Ushbu hujjat shahardagi yo'lovchi tashish tizimida yuzaga kelayotgan qator muammolarni bartaraf etish hamda aholiga qulay sharoitlar yaratish maqsadida ishlab chiqilgan bo'lib, mutasaddi idoralar zimmasiga aniq vazifalar yuklandi.

Qabul qilingan qarorga muvofiq, Toshkent shahar transport va yo'l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi hamda «Toshyahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyatiga barcha asosiy yo'nalishlarga qo'shimcha transport vositalarini jalb qilish orqali avtobuslar harakat oralig'ini 3–5 daqiqagacha qisqartirish bo'yicha tezkor chora-tadbirlar ishlab chiqish topshirildi. Mazkur o'zgarishlar kunning eng gavjum paytlari — soat 07:00 dan 09:30 gacha bo'lgan tonggi hamda 17:00 dan 19:30 gacha bo'lgan kechki tig'iz soatlarga mo'ljallangan bo'lib, bu boradagi amaliy ishlarni 15-noyabrdan boshlash belgilandi.

Shuningdek, tig'iz soatlarda avtobuslar harakatining qat'iy jadvallarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Ularning o'z vaqtida bajarilishi markazlashgan dispetcherlik xizmati va zamonaviy GPS-monitoring tizimlari yordamida har kuni nazorat qilib boriladi. Toshkent metropoliteniga esa 20-noyabrga qadar Chilonzor, O'zbekiston, Yunusobod va yer usti halqa yo'nalishlarida poyezdlar harakat oralig'ini 2–3 daqiqagacha qisqartirish hamda besh vagonli tarkiblarni shakllantirish bo'yicha chora-tadbirlarni belgilash vazifasi yuklatildi.

Metrodagi bu kabi yaxshilanishlar nafaqat tonggi (07:30–09:30), balki kunduzgi (12:00–14:00) va kechki (17:00–19:30) tig'iz vaqtlarni ham qamrab olishi ko'zda tutilgan. Buning ortidan, 20-dekabrga qadar yo'lovchilar oqimi yuqori bo'lgan 25 ta yo'nalishga katta sig'imli “garmoshka” (bo'g'inli) avtobuslarni chiqarish tavsiya etildi, bunda Uchtepa, Mirobod, Sergeli va Yangihayot tumanlariga alohida e'tibor qaratiladi.

Source: uznews.uz