Xorijda taʼlim olgan yoshlarning bilim va tajribasidan mamlakat rivojida foydalanish, stipendiya dasturlarini iqtisodiyot ehtiyojlari bilan bogʻlash bugungi kunda inson kapitalini rivojlantirishdagi eng muhim vazifalardan biri sifatida koʻrsatilmoqda. Shu maqsadda 29-30-oktabr kunlari Samarqand shahrida «Global Talent Forum» xalqaro forumi oʻz ishini boshladi va uning kun tartibidan yoshlarning salohiyatini mamlakat taraqqiyotiga yoʻnaltirish kabi dolzarb masalalar oʻrin oldi.
Mazkur xalqaro forum Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi «El-yurt umidi» jamgʻarmasi tomonidan tashkil etilgan boʻlib, uning bosh hamkori sifatida Oʻzbekiston Milliy banki (NBU), strategik hamkori sifatida esa «Uzbekistan’s Club» xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti qatnashmoqda. Shuningdek, tadbirga MKBANK, «Xalq banki», «Agrobank», «Uzbekistan Airways» AJ va «PEPSI» kompaniyalari hamkorlik qilayotgani taʼkidlanmoqda.
Nufuzli anjumanda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT), Turkiya Oliy taʼlim kengashi, Xalqaro taʼlim instituti (IIE), «Bolashaq» dasturi, Germaniya akademik almashinuv xizmati (DAAD), British Council, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Education USA kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar va tashkilotlar vakillari ham ishtirok etmoqda.
«El-yurt umidi» jamgʻarmasi maʼlumotlariga koʻra, oʻtkazilgan ochiq tanlovlarda qariyb 500 nafar yoshlar Prezident stipendiyasiga sazovor boʻlgan boʻlib, ularning 80 foizi dunyoning eng nufuzli Top-100 talabiga kiruvchi universitetlariga qabul qilingan. Forumda ushbu taʼlim dasturlarining amaliy natijalari hamda xorijda oʻqigan kadrlarni sohaga jalb etish imkoniyatlari muhokama qilinmoqda.
Dastur doirasida moliya institutlarining inson kapitalini rivojlantirishdagi oʻrniga bagʻishlangan maxsus sessiyalar, kelgusi oʻn yillik uchun hamkorlik istiqbollari hamda ish beruvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Shuningdek, 30-oktabr kuni ishtirokchilarning kasbiy tajribasi va tashabbuslarini muhokama qilishga qaratilgan «Samarkand Tea Time» uchrashuvi boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan.
Source: kun.uz