O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) sammitida muhim xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi. Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, uchrashuv davomida tashkilot doirasidagi integratsiyani yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston yetakchisining fikricha, tashkilotning xalqaro maydondagi nufuzi va obro‘-e’tibori ko‘p jihatdan uning tashqi sheriklar bilan ochiq hamda o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantira olish salohiyatiga bog‘liq. Shu munosabat bilan, uchinchi mamlakatlar bilan "Turkiy davlatlar tashkiloti plyus" formatidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Prezidentning ta’kidlashicha, mazkur yangi muloqot mexanizmini sohaviy vazirlar darajasidagi uchrashuvlardan boshlash maqsadga muvofiqdir. Bunday muloqotlar savdo, transport, investitsiya va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda aniq qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, sammitda mintaqaviy xavfsizlik va siyosiy masalalar ham chetda qolmadi. O‘zbekiston rahbari tashkilot doirasida xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan muntazam siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish, shuningdek, yondashuv hamda sa’y-harakatlarni o‘zaro muvofiqlashtirish muhimligini alohida qayd etdi.
Source: www.gazeta.uz