Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Tadbirkorlarni ortiqcha tekshiruvlardan qanday himoya qilish va ayni paytda yashirin savdoga qanday chek qo‘yish mumkin degan dolzarb masala “Taraqqiyot nuqtasi” munozara klubining navbatdagi yig‘ilishida atroflicha muhokama markazida bo‘ldi. Mazkur tadbir O‘zLiDeP ishtirokida tashkil etilib, biznes va davlat idoralari o‘rtasidagi munosabatlardagi muvozanatni taʼminlashga qaratilgan amaldagi qoidalarni tanqidiy tahlil qilishga bag‘ishlandi.

Yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Biznes-ombudsman apparati, tegishli vazirliklar, soliq hamda bojxona organlari masʼullari, shuningdek, tadbirkorlik sohasi va jamoatchilik faollari ishtirok etishdi. Muhokamalar davomida tadbirkorlik uchun yaratilayotgan sharoitlar, mavjud maʼmuriy to‘siqlar hamda biznes bilan davlat tuzilmalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari chuqur ko‘rib chiqildi.

Ishtirokchilar moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, soliq maʼmuriyatchiligi, jarimalarning asoslanganligi va mansabdor shaxslarning javobgarligi kabi qator nozik masalalarga alohida eʼtibor qaratishdi. Shuningdek, savdo korxonalari qonunchilik talablarini bajarish jarayonida duch kelayotgan qiyinchiliklar, jumladan, naqdsiz hisob-kitoblar tartibi va xorijiy sayyohlar manfaatlarini hisobga olish zarurati muhokama qilindi.

Biroq muhokamalardagi eng asosiy eʼtibor amaldagi cheklovlarning yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishdagi samaradorligiga qaratildi. Xususan, jamoatchilik faollaridan biri muomalasi cheklangan yoki taqiqlangan ayrim tovarlarning, jumladan, elektron sigaretalar va nikotinli pauchlarning noqonuniy sotilishi haqida tashvishli fikrlarni bildirib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday mahsulotlar kichik savdo nuqtalari va internet platformalari orqali xaridorlarga yetib bormoqda. Ayniqsa, xaridorlarning yoshi tekshirilmasdan savdo qilinishi va mahsulotlarning donalab sotilishi jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Mutaxassislar voyaga yetmaganlarni himoya qilish va ularning salomatligiga xavf tug‘diruvchi tovarlardan foydalanishini cheklash davlat tomonidan qattiq nazoratga olinishi lozimligini taʼkidladilar.

Source: kun.uz