Toshkent shahrida fuqarolarni aldab, poytaxtda qurilishi aytilgan uylarni aslida Toshkent viloyatida bunyod etayotgan «Imarat Development» MChJ rahbariyatiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ushbu holat shahar jamoatchiligida katta eʼtirozlarga sabab bo‘lib, huquq-tartibot idoralari aralashuviga olib keldi.
Maʼlum bo‘lishicha, Sergeli tumanidagi Buyuk avlod shoh ko‘chasida faoliyat yurituvchi mazkur jamiyat xaridorlarga Toshkent shahridan uy olib berishni vaʼda qilgan. Biroq, keyinchalik turar-joylar Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida qurilayotgani maʼlum bo‘lgach, aldangan fuqarolar o‘z mablag‘larini qaytarishni qatʼiy talab qilishgan. Biroq, kompaniya rahbariyati mablag‘larni egalariga qaytarib bermasdan, masʼuliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi («Firibgarlik») hamda 192^{11}-moddasi («Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiisteʼmol qilish») alomatlari bilan jinoyat ishi ochildi.
Hozirgi kunda tergov harakatlari Toshkent shahar IIBB boshlig‘i hamda prokuratura organlari tomonidan shaxsan nazoratga olingan. Mutasaddilar tergov yakunlariga ko‘ra barcha aybdor shaxslarga nisbatan qatʼiy qonuniy chora ko‘rilishini va fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklanishini taʼminlashga vaʼda berishmoqda.
Source: kun.uz