Uzum Avto platformasi o'tkazilayotgan maxsus aksiya doirasida g'oliblarni qanday tanlab olish jarayoni bo'yicha batafsil ma'lumot berdi. Tashkilotchilarning ta'kidlashicha, har dushanba kuni maxsus tizim tasodifiy tarzda 10 ta e'lonni tanlab oladi va ularning shartlarga muvofiqligini tekshiradi. Xususan, avtomobil soz va harakatdagi holatda bo'lishi, oxirgi bir oy davomida joriy egasiga tegishli bo'lishi hamda jarima va taqiqlarga ega emasligi talab etiladi.
Shundan so'ng, har payshanba kuni soat 16:00 ga qadar saralangan e'lonlar 1 dan 10 gacha raqamlanib, aksiyaning rasmiy sahifasida va Uzum Avto'ning Instagram tarmog'idagi sahifasida e'lon qilinadi. G'olibni aniqlash jarayoni esa juma kuni Markaziy bankning rasmiy dollar kursi asosida amalga oshirilishi aytilmoqda. Qayd etilishicha, kursdagi verguldan oldingi oxirgi raqam g'olib e'lon raqamiga mos keladi, 0 raqami tushsa — 10-raqamli e'lon g'olib deb topiladi.
Mazkur aksiyada o'zining shaxsiy yengil avtomobilini sotmoqchi bo'lgan O'zbekistonning voyaga yetgan fuqarolari qatnashishi mumkinligi bildirilmoqda. Biroq, dilerlar, avtosalonlar va oldi-sotdi bilan shug'ullanuvchi vositachilarga bu imkoniyat berilmaydi. Shuningdek, e'lon qilingan avtomobil narxi 300 million so'mdan oshmasligi shart etib belgilangan. Natijalar har haftaning juma kuni soat 18:00 gacha e'lon qilinib, barcha ishtirokchilarga Uzum Market'da xarid qilish uchun 1 million so'mlik promo-kod taqdim etilishi kutilmoqda.
Source: uznews.uz