Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatda huquq-tartibot idoralari xodimlari va hushyor fuqaroning tezkor harakatlari tufayli fojianing oldi olindi. Poytaxt IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, Bo‘zsuv kanalining aholi sayr qilishi uchun mo‘ljallanmagan yopiq qismida o‘z joniga qasd qilishga urinish holati qayd etilgan.

Voqea joyida bo‘lgan guvohning so‘zlariga ko‘ra, u kontent olish uchun borgan va qora kiyimdagi qizga dastlab e’tibor bermagan. Biroq to‘satdan qiz suvga sakrab yuborgan va tezda ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. Shundan so‘ng guvoh zudlik bilan “102” qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabardor qilgan.

Chaqiruv kelib tushishi bilan Yakksaroy tumani Tepa mahallasi profilaktika inspektorlari voqea joyiga yetib borgan. Qidiruv jarayonida kuchli oqim va girdobli harakatlar qizni kanalning chekka qismiga oqizib borgani aniqlangan. Inspektor Ortiq Omonov darhol suvga tushib, jabrlanuvchini ushlab qolgan, ikkinchi xodim Qudrat Rasulov эса uni yuqoriga chiqarishga ko‘maklashgan.

Qutqarilgan qizga voqea joyida birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, shundan so‘ng 5-sonli shahar shifoxonasiga yotqizilgan. Omonovning ta’kidlashicha, agar yana biroz kechikilsa, kuchli suv oqimi qizni girdobga tortib ketishi va uni qutqarib qolish imkoni bo‘lmasligi mumkin edi.

Shifokorlar yordamidan keyin qizning shaxsi aniqlashtirilib, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashovchi ota-onasiga xabar berilgan. Hozirda qizning ahvoli barqaror bo‘lib, u sog‘-salomat oilasiga topshirilgan. Ota-onalar xodimlarga o‘z minnatdorchiligini bildirgan.

Source: www.gazeta.uz