Toshkent shahrida jamoat transporti harakatini tartibga solish va yo'l harakati qoidabuzarliklarini aniqlash tizimini takomillashtirish maqsadida muhim qaror qabul qilindi. Poytaxt xalq deputatlari Kengashining qaroriga asosan, joriy yilning 15-dekabriga qadar shahar avtobuslarining old qismiga maxsus mobil videokameralarni o'rnatish amaliyoti joriy etilishi belgilandi. Ushbu tashabbus Toshkent shahar IIBB YHXB, Transport va yo'l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi hamda "Toshshahartрансхизмат" kompaniyasiga yuklatildi.
Yangi o'rnatiladigan uskunalar avtobuslar o'z yo'nalishi bo'ylab harakatlanayotgan vaqtda yo'l harakati qoidabuzarliklarini avtomatik ravishda qayd etib borishi ko'zda tutilgan. Mutaxassislarning fikricha, bu choralar nafaqat qoidabuzarliklarni tezkor aniqlashga, balki haydovchilarning mas'uliyatini oshirishga ham xizmat qiladi. Rejaga ko'ra, barcha mobil qurilmalar YHXBning yagona ma'lumotlar bazasiga to'liq integratsiya qilinadi, bu esa jarayonni shaffof va tezkor qilishi kutilmoqda.
Shu bilan bir qatorda, joriy yilning 1-noyabridan boshlab mas'ul idoralarga shahar bo'ylab maxsus "A" yo'laklarida qoidabuzarliklarga qarshi reydlarni yanada kuchaytirish topshirig'i berildi. Ma'lumki, ushbu ajratilgan yo'laklar faqat jamoat transporti uchun mo'ljallangan bo'lib, xususiy avtomobillarning bu yerga chiqishi yoki to'xtab turishi qат'iy taqiqlangan. Eslatib o'tamiz, o'tgan haftada Lutfiy ko'chasida ham avtobus yo'laklarini nazorat qiluvchi statsionar kameralar o'rnatilib, qoidabuzarlar jarimaga tortila boshlagan edi. Shuningdek, Farg'ona yo'li ko'chasining olti kilometrlik qismida ham shunday foto va videofiksatsiya majmualari ish boshlagan.
Source: podrobno.uz