Qashqadaryo viloyatida sodir etilgan dahshatli jinoyat yuzasidan sud hukmi o'qib eshittirildi. Ma'lum qilinishicha, sudlanuvchi Sirojiddin Tojiev jabrlanuvchining G'uzor tumanidagi xonadoniga borib, o'zaro janjal oqibatida o'ta shafqatsizlikka qo'l urgan va besh litrli idishdagi benzinni ayol hamda uning to'rt nafar voyaga yetmagan farzand ustiga sepib yoqib yuborgan.
Mazkur jinoyat oqibatida kelib chiqqan og'ir tan jarohatlari tufayli 6 yoshli o'g'il bola va 11 yoshli qizaloq shifoxonada vafot etgan. Ona hamda uning yana ikki nafar farzandining hayotini shifokorlar saqlab qolishga muvaffaq bo'lgan, biroq ular ham og'ir kuyish jarohatlari bilan davolanishgan.
Sud jarayonida jabrlanuvchi ayol sudlanuvchiga nisbatan eng og'ir jazo tayinlanishini qat'iy so'ragan. U o'z ko'rsatmasida ikki nafar farzandi qaytib kelmasligini ta'kidlab, bunday jinoyatchilarga nisbatan murosasiz bo'lish lozimligini, aks holda bu kabi holatlar ko'payib ketishidan ogohlantirgan.
Jinoyat ishlari bo'yicha Qamashi tuman sudi hukmiga ko'ra, Sirojiddin Tojiev O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining qasddan odam o'ldirish, qasddan odam o'ldirishga suiqasd qilish hamda mulkni qasdan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish moddalarida nazarda tutilgan og'ir jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Sud unga nisbatan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Source: kun.uz