O‘zbekistondan tashrif buyurgan 40 nafar qishloq xo‘jaligi mutaxassisi Italiyaning mashhur SALVI kompaniyasida o‘zlarining mavsumiy mehnat faoliyatini boshladi. Ushbu tashabbus ikki mamlakat o‘rtasidagi mehnat migratsiyasi va qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda. Joriy bosqichda faoliyat boshlagan hamyurtlarimiz uchun ish beruvchi tomonidan barcha zarur sharoitlar, jumladan, bepul yotoqxona va maxsus transport vositalari to‘liq ta’minlab berilgani ma’lum qilindi.
«Dunyo» axborot agentligining xabar berishicha, bu o‘zbekistonlik mutaxassisitlarning Italiya Respublikasida ilk bor rasmiy ravishda mavsumiy mehnat faoliyatini boshlashi hisoblanadi. Mazkur loyihada qatnashish uchun tanlab olingan fuqarolar safarga otlanishdan oldin ikki oy davomida intensiv ravishda italyan tilini o‘rganib, tegishli kasbiy treninglardan muvaffaqiyatli o‘tgan edilar. Hozirda ular SALVI kompaniyasining obyektlarida meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash jarayonlariga bevosita jalb qilingan bo‘lib, o‘zlarining mas’uliyatini namoyish etmoqdalar.
Loyihaning rasman ochilish marosimi joriy yilning 29-oktabr kuni Italiyaning Emiliya-Romanya hududida bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov hamda O‘zbekistonning Italiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Abat Fayzullayev ishtirok etib, ishchilarning ahvolidan yaqindan xabardor bo‘ldilar. Safar davomida rasmiy shaxslar o‘zbekistonliklarning yashash va ish sharoitlarini shaxsan ko‘zdan kechirib, ularning fikr-mulohazalari va takliflarini tingladilar. Ishchilar o‘z navbatida maoshlar yuqori ekanligidan mamnuniyat bildirishdi.
Kompaniya rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida o‘zbekistonlik ishchilarning mehnatsevarligi, intizomi va tez o‘rganuvchanligi alohida e’tirof etildi. Shuni inobatga olgan holda, xorijiy tomon kelgusida qishloq xo‘jaligi sohasiga qo‘shimcha ravishda yana ming nafar o‘zbekistonlik ishchini jalb qilish rejasi borligini e’lon qildi. Bu kabi qo‘shma dasturlar nafaqat fuqarolarning bandligini ta’minlashga, balki Italiyaning ilg‘or tajribasini O‘zbekistonda joriy etishga xizmat qiladi.
Source: kun.uz