O'zbekistondagi 10 900 dan ortiq maktabni birlashtiruvchi milliy raqamli ta'lim platformasi eMaktab ta'lim va qo'shimcha maktab xizmatlari uchun onlayn to'lov xizmatini ishga tushirdi. Ta'kidlanishicha, ta'lim muassasalari uchun ushbu xizmatga ulanish mutlaqo bepul amalga oshiriladi.
Endilikda ota-onalar farzandlarining o'qishi, ovqatlanishi, qo'shimcha darslari va boshqa maktab xizmatlari uchun turli to'lov kanallaridan foydalanmasdan, eMaktab sayti yoki ilovasi orqali bank kartalari yordamida haq to'lash imkoniyatiga ega bo'ldilar. Shuningdek, foydalanuvchilarga to'lovlar holati haqidagi ma'lumotlar, muddatlar haqidagi eslatmalar, operatsiyalar tarixi hamda elektron cheklar taqdim etiladi.
eMaktab bosh direktori Aleksandr Potapkinning so'zlariga ko'ra, raqamli ta'lim muhitini rivojlantirish maktablarning ma'muriy va moliyaviy vazifalarini avtomatlashtirishga kompleks yondashuvni talab etadi. Bugungi kunda ta'lim muassasalarining salmoqli resurslari qo'lda hisob-kitob qilish, to'lovlarni solishtirish va tashkiliy masalalar bo'yicha ota-onalar bilan muloqot qilishga sarflanmoqda. Yangi to'lov xizmatining joriy etilishi ushbu yuklamani kamaytirish va hisob-kitoblar shaffofligini oshirish imkonini beradi.
Loyihaning dastlabki bosqichida mazkur xizmat eMaktab'ga ulangan xususiy maktablar uchun amal qiladi. Kelgusida platforma to'lov imkoniyatlarini bosqichma-bosqich rivojlantirib, hamkorlar doirasini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Source: uznews.uz