Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qadimiy Buxoro shahri 2027-yilda YUNESCOning Ijodiy shaharlar tarmog‘ining 19-yillik yig‘ilishini o‘tkazishi rasman ma’lum qilindi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar tarqatdi va mazkur qaror madaniy hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilganini ta’kidladi. Ushbu tashabbus ilgari O‘zbekiston rahbariyati tomonidan Samarqandda bo‘lib o‘tgan yirik tadbirda ilgari surilgan edi.

YUNESCO bayonotida ta’kidlanishicha, Buyuk ipak yo‘lining yuragida joylashgan Buxoro Markaziy Osiyoning tarixiy va madaniy markazlaridan biri hisoblanadi. Shahar o‘zining boy me’moriy merosi hamda asrlar davomida shakllangan hunarmandchilik an’analari bilan butun dunyoga mashhur bo‘lib, bu omillar xalqaro turizm salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Buxoro ushbu xalqaro tarmoq konferensiyasini qabul qiladigan Markaziy Osiyo, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hamda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar orasida ilk shaharga aylanadi. Forum davomida madaniy merosni asrash, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash va BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.

Source: uznews.uz