«Dunyo» axborot agentligining xabar berishicha, O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) Energetika loyihalarini moliyalashtirish departamenti bosh direktori Yoxi Higashida bilan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlariga Yaponiya investitsiyalarini keng jalb qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar «Yangi Toshkent» xalqaro aeroporti loyihasida davlat sherigi ulushini moliyalashtirishda JBIC ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etishdi. Shuningdek, Yaponiyaning MUFG, SMBC va Mizuho kabi yetakchi banklarining O‘zbekistonda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi va moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishni boshlashi yuzasidan dastlabki fikr almashildi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan maxsus iqtisodiy zonaga yapon sanoat kompaniyalarini jalb qilishda JBIC ko‘magidan foydalanish masalasi ham kun tartibidan joy oldi. Muzokaralar natijasida bank uchun ustuvor bo‘lgan tarmoqlar va loyiha turlarini aniqlashtirish, shuningdek, uning talablariga javob beradigan aniq loyihalarni birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Uchrashuvda «Yangi Toshkent» hududining infratuzilmasini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, elektr taʼminoti, markazlashgan issiqlik tizimi, ichimlik va oqova suv infratuzilmasi, shahar transporti hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Source: kun.uz