O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi va xorijdan yuborilayotgan pul o‘tkazmalarining hududlar kesimidagi taqsimotida jiddiy tafovutlar saqlanib qolayotgani ma'lum bo‘ldi. Xususan, Farg‘ona viloyatida xorijda ishlayotgan bir kishiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik pul o‘tkazmasi 1 850 dollarni tashkil etayotgan bir paytda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich hatto 400 dollarga ham yetmayotgani qayd etildi. Shuningdek, Sirdaryoda 500 dollar, Jizzax va Navoiyda 600 dollar, Surxondaryo hamda Xorazmda esa 700 dollardan kam mablag‘ kelib tushayotgani aniqlangan.
Shu munosabat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda hududlar o‘rtasidagi bunday tafovutlarni bartaraf etish va aholini yuqori daromadli ishlarga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligi qat'iy ta'kidlandi. Davlat rahbari har bir fuqaro chet elga ketishidan oldin qayerda ishlashi, qancha maosh olishi va uning huquqlarini kim himoya qilishini aniq bilib borishi shartligiga e'tibor qaratdi.
Yig‘ilish davomida hokimlar, elchilar va texnikum rahbarlarining bu boradagi faoliyati yetarli darajada emasligi tanqid qilindi. Germaniya, Turkiya, Slovakiya va Qatar kabi davlatlar bilan hamkorlikda ijobiy natijalarga erishilayotgani, xususan, mahalliy texnikumlarni xorijiy ish beruvchilar bilan bog‘lash tajribasi mavjudligi aytildi. Biroq, boshqa qator mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalar va mas'ullarning bu yo‘nalishdagi ishlari hanuzgacha sust ketayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shunga qaramay, so‘nggi yillarda tartibli mehnat migratsiyasi qamrovi sezilarli darajada kengaygani qayd etildi. Agar ilgari faqat uchta davlat bilan hamkorlik qilingan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 27 taga yetgan, yirik xorijiy ish beruvchilar esa qariyb 400 tani tashkil etmoqda. Qolaversa, chet elda ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni oxirgi o‘n yilda ikki baravar kamaygan bo‘lsa-da, ularning oilalariga yuborayotgan mablag‘lari to‘rt karra oshganligi fuqarolarimiz xorijga malakali mutaxassis sifatida borayotganidan dalolat berishi ta'kidlandi.
Source: kun.uz