Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi «Intil» xalqaro til va kasbga o'qitish markazida mehnat migratsiyasi sohasidagi ustuvor vazifalarga bag'ishlangan muhim yig'ilish o'tkazdi. Tadbir davomida xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan o'zbekistonlik fuqarolarning muammolari va ularni hal etish mexanizmlari atroflicha muhokama qilindi.

Davlat rahbari o'z nutqida chet elda ishlayotgan yurtdoshlarimiz oilasining rizqi va farzandlari kelajagi uchun tinimsiz mehnat qilayotgan mard insonlar ekanini alohida ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, qayerda ishlashidan qat'i nazar, barcha fuqarolarning huquqlarini himoya qilish davlatning doimiy burchi va vazifasi hisoblanadi.

Yig'ilishda ta'kidlanishicha, endilikda chet elda muammoga duch kelgan fuqaro elchi yoki konsulni izlab sarson bo'lmaydi. Buning o'rniga «Onlayn mahalla» platformasi orqali yordam so'rab murojaat qoldirishi mumkin bo'ladi va zarur vaziyatda elchining o'zi uning oldiga borib huquqlarini himoya qiladi.

Prezident mutasaddilarga ushbu yangi mexanizmni o'n kun ichida to'liq yo'lga qo'yish va uning samarali ishlashini ta'minlash bo'yicha aniq takliflar kiritishni topshirdi. Shuningdek, mehnat migrantlariga nisbatan munosabat o'zgarib, ular shunchaki pul jo'natuvchi emas, balki davlat himoyasiga haqli fuqaro sifatida e'tirof etilishi qayd etildi.

Source: kun.uz