Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi mamlakat fuqarolariga dalalarda g‘o‘zapoya, tushgan barglar, shox-shabbalar, butalar va boshqa o‘simlik qoldiqlarini yoqish qat'iyan taqiqlangani haqida qat'iy ogohlantirish berdi. Mutaxassislarning fikricha, bunday harakatlar nafaqat tabiatga, balki aholi salomatligiga ham tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazishi mumkin.

Rasmiy manbalarning ta'kidlashicha, o‘simlik qoldiqlarini ochiq havoda yoqish jarayonida atmosferaga inson salomatligi uchun o‘ta xavfli va zaharli moddalar, jumladan is gazi (CO), azot oksidlari, benzapiren, dioksinlar hamda oltingugurt birikmalari juda katta miqdorda tarqaladi. Ushbu zararli birikmalar ekologik muvozanatni buzibgina qolmay, fuqarolarda jiddiy kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkinligi aytilmoqda.

Qolaversa, olovning yuqori harorati ta'sirida tuproq tarkibidagi muhim mikro va makroelementlar butunlay yo‘qolib ketishi, bu esa o‘z navbatida yerning unumdorligini keskin pasaytirib yuborishi qayd etildi. Mutaxassislar bunday qonunbuzarliklar uchun amaldagi qonunchilikda jiddiy choralar belgilanganini eslatib o‘tdilar.

Qonunbuzarlarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha, yani 4,4 million so‘mgacha bo‘lgan ma'muriy jarimalar qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ekin maydonlarida sodir bo‘lgan yong‘inlar oqibatida yetkazilgan zarar har bir gektar yer uchun hisoblanib, qattiq iqtisodiy ta'sir choralari ko‘rilishi ma'lum qilindi.

Shu munosabat bilan, mas'ul idoralar fuqarolarni o‘simlik qoldiqlarini yoqib yubormasdan, ulardan kompost tayyorlash, ko‘chatlarni mulchalashda foydalanish yoki chorva mollari uchun ozuqa sifatida ishlatishga chaqirmoqda.

Source: uznews.uz